O‘zbekiston delegatsiyasi Dushanbeda bo‘lib o‘tgan MDH Parlamentlararo Assambleyasining 59-yalpi majlisida faol ishtirok etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 14-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Parlamentlararo Assambleyasining 59-yalpi majlisida ishtirok etdi.
Yalpi majlisda mintaqaviy parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, qonunchilik tizimini takomillashtirish hamda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, majlis davomida parlamentlararo tajriba almashinuvi, model qonunlar va tavsiyalar ishlab chiqish, yoshlar siyosati, huquqni himoya qilish, migratsiya, hududiy xavfsizlik, ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Senat Raisi Tanzila Narbayeva o‘z nutqida Yoshlar parlamenti, odam savdosiga qarshi kurash va jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surdi.
Shuningdek, hududiy xavfsizlikni mustahkamlash va tarixiy xotirani saqlash, yosh avlodda milliy va umumbashariy qadriyatlarni shakllantirishga qaratilgan insonparvarlik loyihalari, jumladan “Bolalar Hamdo‘stligi” va “Xotira poyezdi” tashabbuslari o‘rtaga tashlandi.
MDH mamlakatlari delegatsiyalari O‘zbekistonning faol hamkorligi, tashabbuskorligi, mintaqaviy loyihalardagi masʼuliyatli pozitsiyasini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, O‘zbekistonning insonparvarlik tashabbuslari, yoshlar va tarixiy xotirani saqlash yo‘nalishidagi loyihalari yuqori baholandi.
Mazkur majlisda parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy barqarorlikni kuchaytirish va qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha kelgusidagi rejalarga asos soluvchi qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu jarayonlarda faol ishtirok etib, MDH doirasidagi parlament diplomatiyasini rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shdi.