O‘zbekiston delegatsiyasi Digital Tajikistan 2025 xalqaro forumida ishtirok etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Tojikistonning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan “Digital Tajikistan 2025” xalqaro forumida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Mazkur forumda dunyo va mintaqaviy darajadagi turli davlat idoralari, IT-kompaniyalar, ekspertlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar.
Forum doirasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, elektron hukumat tizimini takomillashtirish, sun’iy intellekt va raqamli xizmatlarni joriy etish sohalaridagi ilg‘or tajribalar muhokama qilindi.
Vazir Sherzod Shermatov o‘z nutqida O‘zbekistonda elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shu jumladan, raqamli davlat xizmatlarini aholi va biznes uchun yanada qulay qilish, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda raqamli savodxonlikni oshirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, forum ishtirokchilariga ikki mamlakat o‘rtasida raqamli sohada yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik, axborot texnologiyalari bo‘yicha kadrlar tayyorlash, startap ekotizimini rivojlantirish va raqamli loyihalarni amalga oshirishdagi istiqbolli yo‘nalishlar haqida ham ma’lumot taqdim etildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif doirasida Tojikistonning axborot texnologiyalari sohasidagi so‘nggi yutuqlari, raqamli infratuzilmani yangilash va davlat xizmatlarini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.