O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyurdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 5-8 aprel kunlari O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Afg‘oniston Respublikasida bo‘lib turibdi.
Delegatsiya tarkibiga farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yuritayotgan yirik tadbirkorlar hamda kompaniya vakillari kiritilgan.
Tashrifning ilk kunida delegatsiya Kobul shahriga yetib keldi va Afg‘onistonning yetakchi tadbirkorlari hamda biznes doiralari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralarda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, savdo aylanmasini oshirish va investitsiya muhitini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
Xususan, farmatsevtika sohasi bo‘yicha quyidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi:
Afg‘oniston bozorida farmatsevtika mahsulotlariga bo‘lgan talab va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblari;
Dori-darmon vositalarini reklama qilish qoidalari va huquqiy asoslari;
Afg‘oniston hududida mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari.