O‘zbekiston Bryusselda oziq-ovqat banklari tajribasini o‘rgandi

O‘zbekiston Bryusselda oziq-ovqat banklari tajribasini o‘rgandi

O‘zbekiston Bryusselda oziq-ovqat banklari tajribasini o‘rgandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Adliya vazirligi vakillaridan iborat delegatsiya Brussels shahrida joylashgan European Food Banks Federationga 31-mart — 5-aprel kunlari o‘quv-amaliy tashrifni amalga oshirdi.

Mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — oziq-ovqat banklari tizimini tashkil etish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, ortiqcha oziq-ovqat mahsulotlarini samarali boshqarish hamda ularni ehtiyojmand aholi qatlamlariga manzilli yetkazib berish mexanizmlarini chuqur tahlil qilishdan iborat bo‘ldi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari tomonidan oziq-ovqat banklari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari, logistika va saqlash jarayonlari, donor tashkilotlar (ishlab chiqaruvchilar, savdo tarmoqlari va umumiy ovqatlanish subyektlari) bilan hamkorlik mexanizmlari, shuningdek, volontyorlik tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Yevropa tajribasi atroflicha muhokama qilindi.

Shu bilan birga, European Union (Evropa Ittifoqi) mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, oziq-ovqat isrofini kamaytirish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashda oziq-ovqat banklarining o‘rni va ahamiyati yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekistonda oziq-ovqat banklari tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, ushbu yo‘nalishda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, “Ijtimoiy himoya reyestri” bilan integratsiyani ta’minlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Tashrif natijalari mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, oziq-ovqat mahsulotlaridan oqilona foydalanish va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi islohotlarni yanada jadallashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling