Valyuta kurslari 16/06/2025
$1 – 12760.21
UZS – 0,43%
€1 – 14704.87
UZS – 0,0%
₽1 – 160.08
UZS – 0,55%
Qidirish
Iqtisod 07/03/2025 O‘zbekiston bojxona qo‘mitasi delegatsiyasi Singapurga tashrif buyurdi

O‘zbekiston bojxona qo‘mitasi delegatsiyasi Singapurga tashrif buyurdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bojxona qo‘mitasi Raisi A.Mavlonov boshchiligidagi delegatsiya xorijiy safarini Singapurda davom ettirdi.

Tashrifning asosiy tadbiri - Singapur bojxona xizmati rahbari Xung Tan bilan uchrashuv bo‘ldi.

2023 yilda ikkala davlat rahbarlarining uchrashuvlari O‘zbekiston va Singapur o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqdi.

Natijada, 2024 yilning o‘zida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 31 foizga oshib, salkam 120 mln. AQSH dollarini tashkil qildi.

“Aqlli bojxona” tamoyili bo‘yicha Singapur o‘z tajribasiga ega va bunda sunʼiy intellektdan foydalanish samarali yo‘lga qo‘yilgan.

Shu boisdan ham Singapur Jaxon bankining logistika samaradorligi reytingida (LPI) birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.

Singapurning TradeNet dasturi savdo jarayonlarini optimallashtirish uchun yaratilgan dunyodagi birinchi milliy “Yagona oyna” dasturlaridan hisoblanadi.

Savdo va logistika operatsiyalarini birlashtirish va soddalashtirish uchun mo‘ljallangan zamonaviy raqamli ekodastur 2018 yilda ishga tushirilgan.

Mazkur tizim ko‘magida bojxona yuk deklaratsiyalari o‘rtacha 10 daqiqada rasmiylashtiriladi. Singapur bojxonasida dastlabki deklaratsiyalash darajasi 80-90 foizni tashkil etadi. Bu esa tadbirkorlarning vaqti va xarajatlarini qisqartirib, ularga qulay shart sharoitlar yaratadi.

Shu boisdan uchrashuvda eng avvalo bojxona tartibotlari bilan bog‘liq yo‘nalishlarda joriy qilingan sunʼiy intellekt texnologiyalari hamda uning ishlash mexanizmlari yuzasidan o‘zaro tajriba almashish, kelgusida ushbu yo‘nalishda onlayn uchrashuvlarni muntazam tashkil qilish taklifi ilgari surildi.

Uchrashuvda poytaxtimizdagi Bojxona instituti va Singapur bojxona akademiyasi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.

Delegatsiya aʼzolari shu kunning o‘zida Singapurdagi eng yirik “Pasir Panjang” o‘tkazish punkti faoliyatini ham ko‘zdan kechirishdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling