O‘zbekiston BMT bilan barqaror rivojlanishni ilgari surish va dezinformatsiyaga qarshi kurash masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Nyu-York shahrida BMT Bosh kotibining global kommunikatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Melissa Fleming bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar va islohotlar alohida taʼkidlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizning xalqaro nufuzi sezilarli darajada oshgani, ommaviy axborot vositalari erkinligi, ochiqlik va axborotdan foydalanish sohasida katta yutuqlarga erishilgani qayd etildi.
Uchrashuvda BMT doirasidagi Barqaror rivojlanish maqsadlarini ilgari surish, yolg‘on axborot tarqalishiga qarshi kurashish va yoshlarni global tashabbuslarga jalb etishga qaratilgan muhim loyihalar va kampaniyalar muhokama qilindi. Shuningdek, strategik kommunikatsiyalar, media bilan hamkorlik va jurnalistlar uchun taʼlim dasturlarini yana-da kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari — Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini UN Academic Impact dasturiga kiritish muhim ahamiyat kasb etishi, bu talabalar va tadqiqotchilarga taʼlim va ilmiy izlanishlar bo‘yicha global tashabbuslarda ishtirok etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi taʼkidlandi.
Shuningdek, yolg‘on axborotga qarshi kurashish, yosh jurnalistlarni tayyorlash va BMTning xalqaro stajirovkalarida ishtirokini taʼminlash borasida hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va BMT Global kommunikatsiyalar departamenti vakillarining O‘zbekistonda o‘tkaziladigan tadbirlarda faol ishtirokini taʼminlash yuzasidan kelishuvga erishildi.