O'zbekiston biznes uchun jarimalarni yumshatadi

O'zbekiston biznes uchun jarimalarni yumshatadi

O'zbekiston biznes uchun jarimalarni yumshatadi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-aprel kuni tadbirkorlik subyektlariga nisbatan moliyaviy jarimalarni qoʻllash tartibini yanada liberallashtirish, bu borada ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyati ustidan sud nazorati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Taqdimotda bugungi kunda moliyaviy jarimalarni qoʻllash amaliyotida tadbirkorlar uchun qator muammolar saqlanib qolayotgani qayd etildi. Xususan, ayni paytda jarimalarning aksariyati vakolatli organlar, qolganlar esa sudlar tomonidan qoʻllanilayotgani sud nazoratini kuchaytirish zarurligini koʻrsatmoqda.

Shu munosabat bilan joriy yil 1-oktabrdan moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy toʻlashni ragʻbatlantiruvchi yangi va yagona tartibni joriy etish taklif qilindi. Unga koʻra, tadbirkorlik subyekti vakolatli organning qarori topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini toʻlasa, qolgan qismini toʻlashdan ozod etiladi.

Shuningdek, jarimani olti oy davomida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini yaratish nazarda tutilmoqda. Bunda qaror topshirilganidan soʻng bir oy ichida jarima summasining oltidan bir qismi toʻlansa, mazkur tartib avtomatik ravishda amal qiladi.

Sud nazoratini kuchaytirish maqsadida vakolatli organning moliyaviy jarimani qoʻllash toʻgʻrisidagi qarori sud tomonidan bekor qilingan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda undirilgan mablagʻlarni 15 kun muddatda qaytarish mexanizmini belgilash taklif etildi. Agar ushbu muddat buzilsa, kechiktirilgan har bir kalendar kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasidan kelib chiqqan holda foiz hisoblanishi nazarda tutilmoqda.

Moliyaviy jarimalarni qoʻllash jarayonlarini raqamlashtirishga ham alohida eʼtibor qaratildi. Biznes-ombudsman tomonidan yuritiladigan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida tadbirkorlik subyektlariga nisbatan qoʻllanilgan moliyaviy jarimalarning elektron reyestrini joriy etish taklif qilindi.

Vakolatli organlarning qarorlari qabul qilinganidan keyin elektron raqamli imzo bilan mazkur tizimga kiritilishi shart boʻladi. Axborot tizimiga kiritilmagan va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanmagan qarorlar haqiqiy emas deb hisoblanadi hamda ular asosida jarima undirilmaydi.

Shuningdek, mobil ilova orqali moliyaviy jarimalar hisobini yuritish, ularni monitoring qilish va onlayn toʻlash imkoniyatini yaratish, manfaatdor idoralarning axborot tizimlarini oʻzaro integratsiya qilish zarurligi qayd etildi. Soliq toʻlovchi – tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti orqali moliyaviy jarima toʻgʻrisidagi qarorlar ustidan onlayn shikoyat berish va shikoyat kiritilishi bilan qaror ijrosini avtomatik toʻxtatib turish imkoniyatini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Taqdimotda huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash tartibini unifikatsiya qilishga qaratilgan “Huquqiy taʼsir choralari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish taklifi bildirildi.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ularni qonunga rioya etgan holda faoliyat yuritishga ragʻbatlantirish, jarima qoʻllash amaliyotida adolat va shaffoflikni taʼminlash eng muhim vazifalardan ekanini taʼkidladi.

Takliflarni puxta ishlab chiqib, sud nazoratini kuchaytirish, raqamlashtirishni jadallashtirish va sohada yagona, aniq hamda adolatli huquqiy mexanizmni shakllantirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

#Shavkat Mirziyoyev  

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling