O‘zbekiston AQShda “2026-yilgi sayohat uchun istiqbolli yo‘nalish” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi
O‘zbekiston AQShda “2026-yilgi sayohat uchun istiqbolli yo‘nalish” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonga xorijiy turistlarni keng jalb qilish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish, turizm xizmatlarini yanada kengaytirish, shuningdek, respublika turizm salohiyatini xorijiy mamlakatlarda manzilli targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 24-25-yanvar kunlari Nyu-York shahridagi “Jacob K. Javits Convention Center” ko‘rgazma markazida bo‘lib o‘tgan Amerika Qo‘shma Shtatlarining eng yirik xalqaro sayyohlik ko‘rgazmalaridan biri – “Travel & Adventure Show 2026”da O‘zbekiston sayyohlik salohiyati namoyish etildi.
Turizm qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston milliy stendi ko‘rgazmaning eng diqqatga sazovor va jozibali joylaridan biriga aylandi. Tashrif buyuruvchilarga mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, Buyuk Ipak yo‘lining noyob yodgorliklari, an’anaviy xalq hunarmandchiligi, gastronomik va tadbir turizmi, shuningdek, turli toifadagi sayohatchilarga mo‘ljallangan zamonaviy sayyohlik yo‘nalishlari namoyish etildi.
Ko‘rgazma AQShning yetakchi sayyohlik agentliklari, aviakompaniyalari, investitsiya tuzilmalari va ommaviy axborot vositalari vakillarini birlashtirdi, bu esa O‘zbekistonga o‘zining sayyohlik salohiyatini Amerikaning keng ommasiga namoyish etish imkonini berdi.
Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston “2026-yilgi sayohat uchun istiqbolli yo‘nalish” nominatsiyasida ham g‘olib deb topildi va bu tegishli sertifikat bilan tasdiqlandi.
2025-yilda O‘zbekistonga AQShdan 37 mingdan ortiq sayyoh tashrif buyurdi. AQSH fuqarolari uchun vizasiz rejimning joriy etilishi, shuningdek, mamlakatning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish bo‘yicha faol reklama kampaniyasi tufayli, amerikalik sayohatchilar oqimining yanada ko‘payishi kutilmoqda.