O‘zbekiston, Air Products va Synfuels kompaniyalari ko‘mir kimyosi va sintez-gaz ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni muhokama qildilar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — «O‘zbekiston neft va gaz — OGU 2025» 27-Xalqaro ko‘rgazmasi va Xalqaro energetika forumi doirasida “O‘zbekneftgaz” AJ, AQSHning sanoat gazlari sohasidagi yetakchi kompaniyasi Air Products va sintetik yoqilg‘ilar ishlab chiqarish texnologiyalari bo‘yicha ixtisoslashgan Synfuels kompaniyasi o‘rtasida uch tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda asosiy eʼtibor ko‘mirni gazlashtirish orqali sintez-gaz (Syngas) olish texnologiyalari va istiqbollariga, shuningdek, ushbu gazdan suyuq uglevodorodlar va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlariga qaratildi.
Ko‘mirni gazlashtirish uglerod saqlovchi xomashyoni chuqur qayta ishlashning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Ushbu jarayon energiya taʼminotining barqarorligini taʼminlash bilan birga, uglerod izi miqdorini kamaytirishga hissa qo‘shadi, bu esa barqaror rivojlanish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va hamkorlik doirasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan asosiy texnologik yechimlarni ham muhokama qildilar.