Valyuta kurslari 24/10/2025
$1 – 12129.33
UZS – 0,23%
€1 – 14061.53
UZS – 0,21%
₽1 – 149.17
UZS – 0,78%
Qidirish
O‘zbekiston aholisining jami daromadi 2025 yil yanvar–sentyabr oylarida 825,3 trln so‘mga yetdi

O‘zbekiston aholisining jami daromadi 2025 yil yanvar–sentyabr oylarida 825,3 trln so‘mga yetdi

O‘zbekiston aholisining jami daromadi 2025 yil yanvar–sentyabr oylarida 825,3 trln so‘mga yetdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-sentyabr holatiga aholining umumiy daromadlari 825,3 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Aholi daromadlari bo‘yicha real o‘sish surʼatlarini hisoblashda narx omillari taʼsirini chiqarib tashlash maqsadida, inflyatsiya ko‘rsatkichlarining asosiy turlaridan biri – isteʼmol narxlari indeksi (INI)dan foydalaniladi.

Isteʼmol narxlarining o‘zgarishi sababli o‘tgan yilning mos davriga nisbatan aholi umumiy daromadlarining real o‘sish surʼati 108,4 % ni tashkil etdi.

2025 yilning yanvar-sentyabr holatiga ko‘ra, aholi jon boshiga umumiy daromadlar 21,8 mln so‘mni, aholi jon boshiga umumiy daromadlarning nominal o‘sish surʼati 116,1 % ni va real o‘sish surʼati 106,3 % ni tashkil etdi.

2025 yilning yanvar-sentyabr oylarida, aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromadlar bo‘yicha Toshkent shahri (52 029,6 ming so‘m), Navoiy (32 052,0 ming so‘m), Buxoro (25 972,3 ming so‘m), Xorazm (22 817,3 ming so‘m) va Toshkent (21 940,2 ming so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi.

Aksincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi (14 843,0 ming so‘m) hamda Namangan (15 832,1 ming so‘m), Surxondaryo (16 483,3 ming so‘m), Qashqadaryo (17 012,1 ming so‘m), Jizzax (17 074,1 ming so‘m), Sirdaryo (17 164,9 ming so‘m), Samarqand (18 110,6 ming so‘m), Farg‘ona (18 478,8 ming so‘m) va Andijon (19 378,6 ming so‘m) viloyatlarida aholi jon boshiga umumiy daromadlar bo‘yicha o‘rtacha respublika darajasidan quyi ko‘rsatkichlar qayd etildi.

Aholi jon boshiga umumiy daromadlarning eng yuqori real o‘sishi Farg‘ona viloyati (13,4 %), Toshkent shahri (10,3 %) hamda Qashqadaryo (6,6 %) va Xorazm (6,4 %) viloyatlarida kuzatildi.

Shu bilan birga Buxoro (6,1 %), Sirdaryo (5,6 %), Navoiy (5,4 %), Jizzax (4,7 %), Samarqand (4,1 %), Namangan (4,0 %), Surxondaryo (3,4 %), Toshkent (3,3 %) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (2,2 %) va Andijon viloyatida (1,1 %) aholi jon boshiga umumiy daromadlarning real o‘sish surʼatlari o‘rtacha respublika darajasidan past ko‘rsatkichni tashkil etdi.

2025 yilning yanvar-sentyabr oylarida aholi umumiy daromadlarining katta qismi yollanma ishchilarning daromadlari va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarni o‘z ichiga olgan mehnat faoliyatidan olingan daromadlardan (jami aholi umumiy daromadlarining 59,9 % i) shakllandi.

Aholi umumiy daromadlari tarkibida shaxsiy isteʼmol uchun o‘zida ishlab chiqarilgan xizmatlardan olingan daromadlarning ulushi 6,6 %, mol-mulkdan olingan daromadlarning ulushi 3,3 %, transfertlardan olingan daromadlar ulushi 30,2 % ni tashkil qildi.

Hududlarning aholi umumiy daromadlari tarkibida mehnat faoliyatidan olingan daromadlari (yollanib ishlovchilarning ish haqi va mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar)ning eng yuqori ulushi Navoiy viloyatida (78,0 %) kuzatildi.

Aksincha, Farg‘ona, Xorazm, Samarqand, Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida hamda Toshkent shahri va Namangan viloyatida o‘rtacha respublika darajasidan past ko‘rsatkichni tashkil etdi.

Respublika bo‘yicha aholi umumiy daromadlari tarkibida shaxsiy isteʼmol uchun o‘zida ishlab chiqarilgan xizmatlardan olingan daromadlar va mol-mulkdan olingan daromadlarning ulushi sezilarli darajada bo‘lmasada, Toshkent shahrida bunday daromadlarning ulushi 20,5 % ni tashkil etdi.

Shuningdek, transfertlardan olingan daromadlarning ulushi Farg‘ona, Andijon, Xorazm, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Namangan viloyatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi umumiy daromadlariga nisbatan 30 % dan yuqori ko‘rsatkichni tashkil etgan bo‘lsa, Navoiy viloyatida mazkur daromad turining ulushi eng past yaʼni, 13,9 % ni tashkil etdi.

2025 yilning yanvar-sentyabr oylarida aholining umumiy daromadlari tarkibida yollanma ishchilarning daromadlari 26,1 % ni tashkil qildi. Joriy davrda yollanma ishchilar daromadlarining o‘sish surʼati 121,7 % ni tashkil etib, aholi umumiy daromadlari nominal hajmining 5,5 % ga o‘sishini taʼminladi.

Hududlar bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, Toshkent shahri va Navoiy viloyatida yollanma ishchilar daromadlarining aholi umumiy daromadlariga nisbatan ulushi va ularning o‘sish surʼatining yuqoriligiga qarab, sezilarli taʼsir ko‘rsatgan.

Joriy davrda mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarning o‘sish surʼati 115,3 % ni tashkil etib, aholi umumiy daromadlari nominal hajmining 5,3 % ga o‘sishini taʼminladi. Hududlarda mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlarning eng yuqori ulushi Jizzax viloyatida 51,8 % ni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan nominal o‘sish surʼati 117,8 % ni tashkil etdi.

Xuddi shunday Toshkent viloyatida mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar ulushi 44,6 % ni va o‘sish surʼati 113,6 % ni va Buxoro viloyatida mustaqil ravishda band bo‘lishdan olingan daromadlar ulushi 43,9 % ni va o‘sish surʼati 115,5 % ni tashkil etdi.

Aholining umumiy daromadlari tarkibida transfertlardan olingan daromadlar ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ushbu daromadlar ijtimoiy transfertlar va boshqa joriy transfertlarni o‘z ichiga oladi.

2025 yilning yanvar-sentyabr oylari maʼlumotlariga ko‘ra, transfertlardan olingan daromadlarning o‘tgan yilning mos davriga nisbatan nominal o‘sish surʼati 122,2 % ni tashkil etdi. Ushbu davrda aholining umumiy daromadlari hajmida transfertlarning ulushi 30,2 % ni tashkil etdi.

2025 yilning yanvar-sentyabr oylari dastlabki maʼlumotlariga ko‘ra, transfertlardan olingan daromadlarning 28,6 % ini ijtimoiy transfertlardan olingan daromadlar tashkil qilgan bo‘lsa, 71,4 % ini boshqa joriy transfertlardan olingan daromadlar tashkil qildi.

Ijtimoiy transfertlar tarkibida pensiyalar eng ko‘p ulush – 84,6 % ni tashkil qilgan bo‘lsa, nafaqalar 13,6 % ni, stipendiyalar 1,8 % ni tashkil etdi.

2025 yilning yanvar-sentyabr oylari bo‘yicha aholining umumiy daromadlari tarkibida (boshqa joriy transfertlar tarkibiga kiruvchi) respublika tashqarisidan kelib tushgan pul o‘tkazmalarining ulushi 21,5 % ni tashkil etdi.

2025 yilning yanvar-sentyabr oylari dastlabki maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi aholisining umumiy daromadlari hajmida kichik tadbirkorlikdan olingan daromadlarning ulushi 57,9 % ni tashkil etdi.

Aholi umumiy daromadlari tarkibida kichik tadbirkorlikdan olingan daromadlar Jizzax (67,6 %), Buxoro (64,4 %), Toshkent (63,7 %), Namangan (62,4 %), Xorazm (61,4 %), Qashqadaryo (61,1 %), Surxondaryo (60,9 %) va Samarqand (60,7 %) viloyatlarida sezilarli ulushni egalladi. Toshkent shahrida (47,5 %) ellik foizdan kam ulushni tashkil etdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling