O‘zbekiston aholisi 8 oktyabrga o‘tar kechasi “Superoy” hodisasini kuzatishi mumkin
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Bugun, 7 oktyabrdan 8 oktyabrga o‘tar kechasi Oy Yerga eng yaqin masofaga yaqinlashib, bir vaqtning o‘zida to‘lin oy fazasiga yetadi. Bu kamdan-kam uchraydigan astronomik hodisa “Superoy” nomi bilan maʼlum.
Yerga nisbatan yaqinligi sababli tabiiy yo‘ldosh odatdagidan ancha kattaroq va yorqinroq ko‘rinadi.
Astronomlarning taʼkidlashicha, superoyni qurolsiz ko‘z bilan ham kuzatish mumkin — havo ochiq bo‘lsa, u butun tun davomida aniq ko‘rinadi. Kuzatish uchun eng yaxshi vaqt — Oy chiqqan zahoti va yarim tun atrofida, u yuqoriga ko‘tarilib, ayni vaqtda eng yorqin nur taratadi.
Mutahassislar so‘zlariga ko‘ra, bunday hodisalar yiliga bir necha marta sodir bo‘ladi, ammo har biri Oy orbitasi va Yerdan masofasiga bog‘liq holda o‘z xususiyatlariga ega bo‘ladi.
Shu tariqa, 8 oktyabrga o‘tar kechasi kuz osmonidagi eng hayratlanarli manzaralardan biri — yorqin va haybatli superoyni tomosha qilish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ladi.