Valyuta kurslari 27/01/2026
$1 – 12098.12
UZS – 0,11%
€1 – 14353.21
UZS – 1,2%
₽1 – 158.64
UZS – -0,42%
Qidirish
O‘zbekiston 2026 yilda “yashil” energetika ulushini elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining 30 foizigacha yetkazishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston 2026 yilda “yashil” energetika ulushini elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining 30 foizigacha yetkazishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston 2026 yilda “yashil” energetika ulushini elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining 30 foizigacha yetkazishni rejalashtirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yilda O‘zbekiston 2 GVt quvvatga ega “yashil” energiya manbalarini ishga tushirishni rejalashtirmoqda, bu esa elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi manbalar ulushini 30 foizga yetkazish imkonini beradi.

Mazkur chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mahalla rivoji va jamiyat farovonligini oshirish yili» doirasida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish hamda «O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga oid Davlat dasturi to‘g‘risidagi farmon loyihasida belgilab qo‘yilgan.

Dastur doirasida yangi generatsiya quvvatlarini elektr tarmoqlariga integratsiya qilish va energetika tizimi barqarorligini taʼminlash nazarda tutilgan. 516,1 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar va kredit mablag‘larini o‘zlashtirish, shuningdek, 220–500 kV kuchlanishli, umumiy uzunligi 164,4 kilometr bo‘lgan havo elektr uzatish liniyalarini qurish va podstansiyalar quvvatini 650 MVAgacha oshirish rejalashtirilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Samarqand viloyatida joylashgan umumiy quvvati 1 515 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari hamda 450 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish “yashil” generatsiya hajmini sezilarli darajada oshiradi.

Elektr taʼminoti ishonchliligini oshirish maqsadida umumiy quvvati 775 MVt bo‘lgan energiyani saqlash tizimlarini qurish, 6,3 ming kilometr taqsimlovchi tarmoqlar va 1,7 ming transformator punktlarini modernizatsiya qilish, jumladan loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash hamda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2026 yilda 1,7 GVt quvvatga ega issiqlik elektr generatsiyasi ishga tushiriladi. Sirdaryo viloyatida «Sirdaryo 2» loyihasi doirasida 1 000 MVt quvvat ishga tushiriladi, Navoiy IESda 600 MVt quvvatga ega uchinchi parogaz qurilmasi foydalanishga topshiriladi, Toshkent shahrining mikrohududlarida esa issiqlik bilan taʼminlash maqsadida har biri 100 MVt quvvatga ega bo‘lgan yettita kogeneratsiya markazi o‘rnatiladi.

Kichik gidroenergetikani rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Auksionlar o‘tkazish, yer uchastkalarini tayyorlash va qurilish ishlarini nazorat qilishdan so‘ng umumiy quvvati 98,1 MVt bo‘lgan 1 799 ta kichik va mikro GES ishga tushiriladi. Ular qatorida Katta Andijon kanalidagi “Beshqo‘rg‘or” kichik GESlar kaskadi (5 MVt), Janubiy Farg‘ona kanalidagi JFK-3 GESi (6,9 MVt) hamda Namangan viloyatidagi Norin GESlar kaskadi (38 MVt) mavjud.

O‘zbekiston energetika kompaniyalarining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida ESG tamoyillari, yaʼni ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv standartlari joriy etilmoqda. 2024 yilda SASB va GRI standartlari bo‘yicha hisobotlar tayyorlanadi, 2025 yilda esa ISSB standartlari, jumladan IFRS S1 va S2 asosida hisobotlar ishlab chiqilib, mustaqil auditorlik tasdig‘idan o‘tkaziladi hamda Sustainable Fitch kabi xalqaro agentliklardan ESG-reyting olish uchun arizalar topshiriladi.

Bundan tashqari, respublikadagi 251 ta mikrohududda umumiy quvvati 97 MVt bo‘lgan kichik quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish rejalashtirilgan. Loyihalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb etgan holda va “yashil” grantlar taqdim etish orqali amalga oshiriladi. Barcha yangi obyektlar yagona energetika tarmog‘iga ulanib, mamlakat energetika tizimining barqaror rivojlanishini taʼminlash va past uglerodli iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling