O‘zbekiston 2026 yilda sunʼiy yo‘ldosh interneti sinovdan o‘tkazadi
O‘zbekiston 2026 yilda sunʼiy yo‘ldosh interneti sinovdan o‘tkazadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2026 yilda sunʼiy yo‘ldosh interneti sinov tariqasida ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
O‘zbekistonda sunʼiy yo‘ldosh internetini sinov rejimida ishga tushirish 2026 yilga mo‘ljallangan. Bu haqda 27 mart kuni Shimkent shahrida bo‘lib o‘tgan Digital Qazaqstan 2026 xalqaro forumida Bosh vazir Abdulla Aripov maʼlum qildi.
So‘nggi to‘qqiz yil davomida mamlakat raqamli transformatsiya yo‘nalishida sezilarli natijalarga erishdi: keng polosali internet qamrovi 41 foizdan 99,5 foizgacha oshdi, tarmoq o‘tkazuvchanligi esa 40 barobarga ko‘paydi.
Bosh vazir taʼkidlashicha, sunʼiy yo‘ldosh internetining sinov tariqasida ishga tushirilishi qiyin yetib boriladigan hududlarni internet bilan taʼminlash imkonini beradi, shu bilan birga operatorlar uchun soliq imtiyozlari paketi nazarda tutilgan.
Hukumat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, elektron hukumat tizimlarini yagona data-markazga birlashtirish orqali byudjet mablag‘larining 30 foizi tejalgan.
Hozirda yirik hisoblash klasteri joriy etish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. U milliy sunʼiy intellekt infratuzilmasining asosini tashkil etib, pilot loyihalarni sanoat darajasida joriy etish imkonini beradi.
Istiqbolli tashabbuslar qatorida sunʼiy intellekt joriy etilgan 100 ta loyiha portfeli ham qayd etildi. Misol sifatida Aripov Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasini keltirdi, u yerda raqamli tizim 60 dan ortiq tizim va 20 ming sensorni birlashtirib, ishlab chiqarish jarayonlarini real vaqtda tahlil qiladi.
Tizimli rivojlanishni taʼminlash maqsadida Sunʼiy intellekt alyansi tashkil etilgan va 19 ta ilmiy-taʼlim laboratoriyasi ochilmoqda. Mamlakatda hozirda 800 ga yaqin startap loyihalari faoliyat yuritmoqda, ularning 60 tasi allaqachon mahsulot eksport qilmoqda.
Venchur jamg‘armalar umumiy kapitali 350 mln AQSH dollariga yetgan, startap ekotizimining umumiy qiymati esa 4 mlrd dollarga baholanmoqda. Taʼkidlanishicha, o‘n yil avval bu ko‘rsatkich 1 mln dollardan oshmagan.
Raqamli sohadagi rivojlanish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Jahon banki baholashiga asosan davlat boshqaruvining raqamli yetukligi bo‘yicha jahon reytingida 9-o‘rinni egalladi.