O‘zbekiston 2025 yilda xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan 3,7 mingdan ortiq fuqaroni Vatanga qaytardi
O‘zbekiston 2025 yilda xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan 3,7 mingdan ortiq fuqaroni Vatanga qaytardi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil davomida Migratsiya agentligi tomonidan xorijda murakkab moliyaviy ahvolga tushib qolgan 3709 nafar yurtdoshimiz 22 ta xorijiy davlatdan Vatanga qaytarildi.
Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Migratsiya jamg‘armasi mablag‘laridan 15,9 milliard so‘m yo‘naltirilib, bu mablag‘lar transport, tibbiy, tashkiliy hamda boshqa qo‘shimcha xarajatlarni to‘liq qopladi.
30 iyul — Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan 30 iyul – 30 avgust kunlari ilk bor “Vatanga qaytarish” xayriya aksiyasi o‘tkazildi.
Aksiya doirasida xorijda og‘ir hayotiy sharoitga tushib qolgan va zudlik bilan yordamga muhtoj bo‘lgan 1 300 nafar O‘zbekiston fuqarosi Vatanga olib kelindi.
Gumanitar tadbirlar jarayonida tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarga alohida eʼtibor qaratildi.
Yil davomida baxtsiz hodisalar yoki og‘ir kasalliklarni boshdan kechirgan 66 nafar shaxs Vatanga qaytarildi.
Ularning 45 nafari maxsus tibbiy transportda yotgan holda tashilgan bo‘lsa, yana 21 nafar fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlarining doimiy nazorati ostida olib kelindi.
Migratsiya agentligi taʼkidlashicha, xorijda mehnat faoliyati davomida qiyinchiliklarga duch kelgan fuqarolar yordam so‘rab murojaat qilish tartibi va mavjud qo‘llab-quvvatlash choralari haqida agentlikning rasmiy axborot manbalari orqali batafsil maʼlumot olishlari mumkin.