Valyuta kurslari 24/06/2025
$1 – 12410.99
UZS – -0,69%
€1 – 14237.89
UZS – -1,16%
₽1 – 158.38
UZS – -0,63%
Qidirish
Moliya 24/06/2025 O‘zbekiston 2024 yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchiga aylandi

O‘zbekiston 2024 yilda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchiga aylandi

Surat: Pixabay / benscripps

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston birinchi marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar (TXI) jalb qilish bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchiga aylandi. Bu natija bilan u so‘nggi uch o‘n yillikda doimiy ravishda peshqadamlikni saqlab kelgan Qozog‘istonni ortda qoldirdi.

BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD)ning so‘nggi hisobotiga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonga kirib kelgan TXI hajmi 2,8 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Shu bilan birga, Qozog‘iston 1992 yildan buyon birinchi marta manfiy saldoga ega bo‘lib, minus 2,55 milliard dollarni qayd etdi va mintaqaviy reytingda so‘nggi o‘ringa tushib ketdi.

Ikkinchi o‘rinni 1,6 milliard dollarlik natija bilan Turkmaniston egalladi. Uchinchi o‘rin — Qirg‘iziston (705 million dollar), Tojikiston esa 291 million dollar bilan ro‘yxatni yakunlaydi.

Shunday qilib, hali o‘tgan yiligacha mintaqada eng ko‘p investitsiya jalb etgan Qozog‘iston bu yil barcha qo‘shnilaridan ortda qoldi.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, jahondagi umumiy TXI oqimi 2024 yilda 11% ga kamayib, 1,5 trillion dollarga tushgan fonda Qozog‘istondagi holat alohida ahamiyatga ega. Chunki mintaqada hech bir mamlakat haligacha bunday tez surʼatda mavqeini yo‘qotmagan edi.

Buning aksicha, O‘zbekistonda investitsiya faolligi barqaror o‘sishda davom etmoqda. Faqatgina raqamli iqtisodiyotning o‘zida 2024 yil davomida mamlakat 900 million dollarga yaqin investitsiya jalb etdi. Bu telekommunikatsiya sohasidagi islohotlar va raqamli xizmatlarga talabning oshishi natijasidir. Transport infratuzilmasiga ham 1 milliard dollardan ortiq sarmoya yo‘naltirildi.

Xalqaro investorlar eʼtibori esa energetika sektoriga alohida qaratilmoqda. 2020–2024 yillar davomida O‘zbekiston 40 dan ortiq energetik loyiha orqali 18 milliard dollar jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi — bu ko‘rsatkich Markaziy Osiyo miqyosida rekord hisoblanadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling