O‘zbekiston 202 ta yangi YUTONG elektrobuslarni qabul qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoydan keltirilgan 202 ta yangi Yutong elektrobusini tantanali qabul qilib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent shahar hokimi, Transport vaziri, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Transport vazirliligi va shahar hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi vakillari, ommaviy axborot vositalari va blogerlar ishtirok etishdi.
Marosimda so‘zga chiqqan transport vaziri Ilhom Maxkamov davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan mamlakatimizda jamoat transporti tizimini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Yangi harakat tarkiblarini qabul qilib olgan haydovchilar va "Toshshahartransxizmat" AJ jamoasini samimiy qutladi, ularning mehnati ahamiyatini alohida e’tirof etdi.
Yangi ekologik toza elektrobuslar shahar atrof-muhitini yanada yaxshilash va jamoat transport tizimini rivojlantirishga muhim hissa qo‘shadi. So‘nggi yillarda Toshkent shahri jamoat transporti harakat tarkibini yangilash borasida amalga oshirilgan ishlar natijasida avtobuslardan havoga chiqadigan zararli moddalar miqdori oyiga 93,3 tonnaga kamayishiga erishildi.
2030-yilgacha Toshkent shahrida elektrobuslarning jamoat transportidagi ulushini 50 foizgacha oshirish belgilangan.