O‘zbekiston 10 ta xalqaro indeksda o‘z o‘rnini yaxshiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanishi to‘g‘risidagi milliy maʼruza ko‘rib chiqildi.
Senatorlar mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash, investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda davlat boshqaruvi samaradorligini baholashda muhim ahamiyat kasb etadigan ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi mavqeini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha muhokama qildi.
Iqtisodiyot va moliya hamda Adliya vazirliklari mutasaddilari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalardagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.
Maʼruzada taʼkidlanganidek, 2024 yilda mamlakat uchun ustuvor deb belgilangan 20 ta xalqaro reyting va indekslardan 10 tasida O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari yaxshilandi, 2 tasida holat o‘zgarmasdan qoldi, 2 tasi bo‘yicha esa natijalar hali eʼlon qilinmagan.
Ushbu natijalar davlat organlari, jamoatchilik va fuqarolik jamiyati institutlarining muvofiqlashtirilgan hamkorligi, aniq indikatorlar asosida amalga oshirilgan islohotlar samarasi ekani taʼkidlandi. Jumladan, “Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi”da O‘zbekiston 6 pog‘onaga yuqorilab, 193 davlat orasida 63-o‘rinni egalladi. Mamlakat “yuqori”dan “juda yuqori” toifaga o‘tgan 17 davlat qatoriga kirdi.
“Ayollar, biznes va qonun” indeksida 48 pog‘onaga sakrash hisobiga 190 mamlakat ichida 91-o‘rin, 82,5 ball ko‘rsatkich qayd etildi. So‘zga chiqqanlar bunday ko‘rsatkich gender tengligi, ayollar huquqlari va imkoniyatlarini taʼminlash borasida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlarning natijasidir.
Iqtisodiy erkinlik indeksida ham 6 pog‘onaga o‘sish qayd etildi yoki O‘zbekiston 103-o‘rinni egalladi. Shunga qaramasdan, Davlat byudjeti va davlat qarziga oid ko‘rsatkichlar hali ham izchil islohotlarni davom ettirish talab etilmoqda.
Muhokama davomida taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashning milliy tizimi yaratilgan va shu tariqa parlament nazorati kuchaytirildi. Har yili tayyorlanadigan milliy maʼruzada davlat organlari faoliyati, amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligi va qonunchilikni takomillashtirish zarurati yuzasidan xolis va tahliliy maʼlumotlar taqdim etilmoqda.
Shu bilan birga, Milliy maʼruza tahlillari ayrim reyting va indekslarda pasayish holatlarini ham ko‘rsatdi. Xususan, ayrim sohalardagi korrupsiya holatlari, qonunlarga rioya etishdagi muammolar, matbuot erkinligiga oid kamchiliklar mamlakatimizning reytinglardagi mavqeiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida Oliy Majlis Senati tomonidan tegishli qaror qabul qilindi. Unda sohalar bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqish, masʼul idoralar faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini kuchaytirish, masʼuliyatni oshirish hamda reyting ko‘rsatkichlariga salbiy taʼsir etuvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha istiqbolga mo‘ljallangan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.