Valyuta kurslari 19/11/2025
$1 – 11940.70
UZS – -0,58%
€1 – 13839.27
UZS – -0,68%
₽1 – 147.40
UZS – -0,27%
Qidirish
“O‘zbekgidroenergo” AJ va AQSHning Djon Xopkins universiteti: Barqaror rivojlanish sari xalqaro hamkorlik

“O‘zbekgidroenergo” AJ va AQSHning Djon Xopkins universiteti: Barqaror rivojlanish sari xalqaro hamkorlik

“O‘zbekgidroenergo” AJ va AQSHning Djon Xopkins universiteti: Barqaror rivojlanish sari xalqaro hamkorlik

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning avgust oyida “O‘zbekgidroenergo” AJ va jahonning yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri – AQSHning Baltimor shahrida joylashgan, 1876-yilda taʼsis etilgan nufuzli Djon Xopkins universiteti o‘rtasida hamkorlikka oid Memorandum imzolandi. Yevropa tadqiqot instituti modeliga asoslangan birinchi AQSH universiteti sifatida tanilgan mazkur taʼlim dargohi doimiy ravishda dunyodagi eng nufuzli ilmiy markazlari qatorida qayd etilmoqda.

Universitet bugungi kunda AQSH Milliy universitetlari reytingida 7-o‘rinni egallab, fan, taʼlim va innovatsiya sohasida yetakchilikni davom ettirib kelmoqda.

O‘zaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari

Imzolangan Memorandum energetikada barqaror rivojlanish, korporativ boshqaruvni takomillashtirish, ESG tamoyillari (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) asosida faoliyat yuritish hamda ilg‘or xalqaro tajriba almashinuviga qaratilgan.

Hamkorlik doirasida quyidagi tashabbuslar amalga oshirilmoqda:

Xalqaro treninglar va o‘quv kurslari – barqaror rivojlanish, ESG standartlari, moliyaviy va nomoliyaviy hisobotlar, korporativ boshqaruv sohalarida bilim va ko‘nikmalarni oshirish.

Ilmiy-amaliy seminarlar – xalqaro tajribalarni o‘rganish va amaliyotga joriy etish.

Qo‘shma tadqiqot loyihalari – gidroenergetika va “yashil” texnologiyalarga oid innovatsion yechimlar ishlab chiqish.

Tajriba almashish dasturlari – Jamiyat mutaxassislarining AQSH va boshqa mamlakatlarda stajirovkalarda ishtirok etishi.

Milliy strategiya bilan uyg‘un rivojlanish

Hamkorlik tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda “2025-yil aksiyadorlar kutilmalari”ga to‘liq uyg‘un holda amalga oshirilmoqda. Memorandum ijrosi “O‘zbekgidroenergo” AJning xalqaro imijini mustahkamlash, investitsiya muhitini yana-da yaxshilash va ekologik jihatdan barqaror gidroenergetika tizimini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

2025-yil, noyabr: Energiya transformatsiyasi bo‘yicha o‘quv dasturi

Prezidentning 2025-yil 30-yanvardagi “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida “O‘zbekiston–2030” strategiyasini amalga oshirish to‘g‘risida”gi PF–16-son Farmoni ijrosi doirasida, 2025-yil avgust va noyabr oylarida “O‘zbekgidroenergo” AJ Ijro apparatining bir guruh xodimlari Djon Xopkins universitetida “Leading the Energy Transition: Strategies for Sustainable Business in a Low-Carbon Economy” (“Energiya transformatsiyasidagi yetakchilik: kam uglerodli iqtisodiyotda barqaror biznes strategiyalari”) mavzusidagi o‘quv dasturida ishtirok etdilar.

Ushbu dastur doirasida iqlim o‘zgarishi, energiya xavfsizligi, barqaror rivojlanish, toza energiya texnologiyalari, yangi bozorlar va energiya transformatsiyasi omillarini korporativ qaror qabul qilish jarayonlariga integratsiya qilish kabi masalalar chuqur o‘rganildi. O‘quv mashg‘ulotlari kelajak rahbarlari va transformatsiya jarayonida faol ishtirok etuvchi mutaxassislar uchun mo‘ljallangan.

O‘quv dasturi yakunlariga ko‘ra, “O‘zbekgidroenergo” AJ xodimlari Djon Xopkins universiteti tomonidan maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi. Mazkur sertifikatlar ishtirokchilarning energiya transformatsiyasi, barqaror biznes strategiyalari va “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha xalqaro darajadagi bilim va ko‘nikmalarga ega ekanligini tasdiqlaydi.

Taʼkidlash joizki, mazkur xalqaro sertifikatlar “O‘zbekgidroenergo” AJning kadrlar salohiyatini oshirish, zamonaviy va ilg‘or bilimlarni transformatsiya jarayoniga izchil tatbiq etish va Jamiyatning kelgusidagi barqaror rivojlanish strategiyasini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling