“O‘zbekgidroenergo” AJ Markaziy Osiyodagi eng yuqori ESG reytingiga ega “Pure-Player” kompaniya sifatida eʼtirof etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jahonda nufuzli hisoblangan Sustainable Fitch (London) xalqaro reyting agentligi “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini “Pure-Player” – yaʼni faoliyati to‘liq ekologiyaga ijobiy taʼsir ko‘rsatuvchi kompaniya (“sof ishtirokchi”) sifatida eʼtirof etdi.
Shu bilan birga, agentlik Jamiyat ESG reytingini “2” darajada tasdiqladi hamda kompaniyaning umumiy natijasini 72 dan 79 ballga oshirdi.
Mazkur natija kompaniyaning iqlim o‘zgarishini yumshatishga qo‘shgan ulkan hissasi, hamda 2024-yilda ishlab chiqilgan yangi “Iqlim strategiyasi – 2050” orqali uglerod chiqindilarini (issiqxona gazlari) qisqartirish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilaganini aks ettiradi.
Shuningdek, Sustainable Fitch tomonidan taʼkidlanganidek, “O‘zbekgidroenergo” AJ bugungi kunda Markaziy Osiyodagi eng yuqori ESG reytingiga ega kompaniya sifatida tan olindi.
Sustainable Fitch – xalqaro moliya bozori ishtirokchilari uchun kompaniyalarning ekologik, ijtimoiy va boshqaruv (ESG) samaradorligini baholovchi reyting agentligi hisoblanadi. ESG reytinglar 1 dan 5 gacha bo‘lgan shkalada beriladi, “1” – eng yuqori, “5” – eng past daraja. Shuningdek, kompaniyalarga 0 dan 100 gacha bo‘lgan umumiy ball beriladi – “0” eng past, “100” eng yuqori ko‘rsatkich sifatida baholanadi.
2024-yil bo‘yicha Jamiyatning ESG natijalari bilan tanishing:
Atrof-muhit bo‘yicha natijalar
“O‘zbekgidroenergo” AJ mamlakatning asosiy gidroenergetika ishlab chiqaruvchisi sifatida 75 ta gidroelektr stansiya va bitta shamol elektr stansiyasini boshqaradi. Jami o‘rnatilgan quvvat — 2 256 MVt (2024-yil yakuniga ko‘ra).
Jamiyat 2050-yilgacha mo‘ljallangan Iqlim strategiyasini qabul qildi, unda Scope 1 va Scope 2 turkumidagi chiqindilarni 2028-yilga qadar 20 foizga qisqartirish maqsad qilingan.
Bu strategiya O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib ishlab chiqilgan uzoq muddatli dekarbonizatsiya dasturi hisoblanadi.
Ijtimoiy yo‘nalishdagi natijalar
Kompaniyada inson huquqlarini himoya qilish va diskriminatsiyaga hamda taʼqiblarga qarshi siyosat joriy etilgan.
Xodimlar qo‘nimsizligi past darajada saqlanib qolmoqda, bu esa barqaror kadrlar siyosati va sog‘lom mehnat muhitining yaqqol ifodasidir.
Korporativ boshqaruv
“O‘zbekgidroenergo” AJda ikki bosqichli boshqaruv tizimi, samarali risk-menejment bo‘limi va ISO xalqaro standartlari joriy etilgan. Hisobot davrida birorta boshqaruv insidenti yoki qonunbuzarlik holati qayd etilmagan.