O‘zbek–Avstriya munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yilning 1-noyabr kuni Samarqand shahrida, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Baxromjon A’loyev va Avstriya Yevropa va tashqi ishlar vazirligi Davlat kotibi Zepp Shellhorn o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar erishilgan yuqori darajadagi o‘zaro aloqalarni, shuningdek, delegatsiyalar almashinuvi va barcha darajadagi muntazam muloqotlarni mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Z.Shellhorn O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini tarixiy Samarqand shahrida o‘tkazish tashabbusini yuksak baholadi.
U mazkur nufuzli xalqaro tadbir o‘tkazilishi, shubhasiz, O‘zbekiston va butun mintaqaning jahon miqyosidagi nufuzi va rolini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.