O‘zbek mahalliy mahsulotlariga CE markirovkasini joriy etish bo‘yicha chexiyalik mutaxassis bilan uchrashuv o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Chexiya Respublikasining nufuzli sertifikatlash idorasi – SZU (Strojírenský zkušební ústav, s.p.) vakillari hamda “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat muassasasi o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida mahalliy mahsulotlar uchun Yevropa Ittifoqi standartlariga mos ravishda CE markirovkasini rasmiylashtirish jarayonlari, sertifikatlash talablari va hamkorlikning amaliy mexanizmlari muhokama qilindi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari uchun eksport salohiyatini kengaytirish, mahsulot sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish va Yevropa bozoriga chiqish imkoniyatlarini yaratishda muhim qadam bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, CE markirovkasi — bu mahsulotning Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi belgi bo‘lib, u ishlab chiqaruvchiga mahsulotini Yevropa bozorida erkin muomalaga chiqarish huquqini beradi.
Strojírenský zkušební ústav, s.p. (SZU) — Chexiya Respublikasining eng yirik va nufuzli sertifikatlash va sinov markazlaridan biri bo‘lib, sanoat, energiya, elektr jihozlari va boshqa ko‘plab mahsulot turlarini xalqaro standartlar asosida sinovdan o‘tkazish va sertifikatlash xizmatlarini ko‘rsatadi. SZU markazi Yevropa va global miqyosda mahsulotlarning xavfsizlik hamda sifat talablariga mosligini tasdiqlovchi tashkilot sifatida keng e’tirof etilgan.