“O‘zatom” va "Framatom" hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
“O‘zatom” va "Framatom" hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 9-mart kuni Framatom kompaniyasining bosh qarorgohida “O‘zatom” agentligi direktori Azim Axmedxadjayev va Framatom kompaniyasining “Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari” biznes bo‘linmasi katta ijrochi vitse-prezidenti Loran Tyefri o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari yuzasidan konstruktiv fikr almashdilar.
Uchrashuvda asosiy e’tibor atom elektr stansiyalarida texnologik jarayonlarni boshqarishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlarini (TJABT) joriy etishning bugungi holati va istiqbollariga qaratildi.
Ilg‘or tajriba almashish, texnologiyalar transferi hamda yadroviy obyektlarning ishonchliligi va xavfsizligini oshirish bo‘yicha hamkorlikda ishlash masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida integratsiyalashgan yechim asosida atom energobloklarini qurish va ulardan foydalanish loyihalarini amalga oshirish doirasida “O‘zatom” va Framatom o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishga alohida urg‘u berildi.
Tomonlar bo‘lajak energobloklar hayotiy siklining barcha bosqichlarida hamkorlikni chuqurlashtirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Framatom -yadro sanoati sohasida jahon yetakchilaridan biridir. Kompaniya AESlar uchun uskunalarni loyihalash va ishlab chiqarish, yadro yoqilg‘isi hamda boshqaruv tizimlarini yetkazib berishga ixtisoslashgan.
Framatom reaktor qurilmalarining butun hayotiy sikli davomida to‘liq servis xizmatlari majmuasini taqdim etib, butun dunyodagi atom energetikasi obyektlarining yuqori darajadagi xavfsizligi, foydalanish samaradorligi va raqobatbardoshligini kafolatlaydi.
Kompaniya “Rosatom” tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida ko‘p yillik muvaffaqiyatli hamkorlik tajribasiga ega. Xususan, Fransiya kompaniyasi VVER reaktorlari asosidagi bir qator xalqaro loyihalar, jumladan, Vengriyada qurilayotgan “Paksh II” AESi va Misrdagi “El-Dabaa” AESi uchun avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari va boshqa uskunalarni yetkazib bergan. Bu loyihalar Framatom texnologiyalarining murakkab xalqaro sharoitlarda, ta’minot va ijroda uzilishlarsiz ishonchli hamda samarali ekanini namoyon etadi.