“O‘zatom” delegatsiyasi Rossiyadagi Novovoronej AES tajribasini o‘rgandi
“O‘zatom” delegatsiyasi Rossiyadagi Novovoronej AES tajribasini o‘rgandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — XAEA bilan texnik hamkorlik doirasida “O‘zatom” agentligi va AES qurilishi direksiyasi xodimlarining Novovoronej AESga (Rossiya Federatsiyasi) guruhli ilmiy tashrifi tashkil etildi.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad – Rossiyaning yadro energetikasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tajribasi bilan tanishish, Rossiya dizaynidagi kichik modulli reaktorlar texnologiyalarini o‘rganish, ularning sanoatda qo‘llanilishi, loyihalash xususiyatlari, xavfsizlikni ta’minlash va ishlatilgan yadro yoqilg‘isi va radioaktiv chiqindilar bilan ishlash tizimlarini o‘rganish, shuningdek Novovoronej AES va “Rosatom” DK Texnik akademiyasi bazasida xodimlarni tayyorlash va o‘qitish tizimini o‘rganish.
Olti kunlik tashrif davomida delegatsiya Texnik akademiyada ma’ruza mashg‘ulotlari, keng ko‘lamli trenajyorlar va o‘quv-texnik vositalarda ishlash, shuningdek, O‘quv-mashg‘ulot markazining laboratoriya mashg‘ulotlarida ishtirok etishni o‘z ichiga olgan mazmunli nazariy va amaliy dasturdan o‘tdi.
Ishtirokchilar kichik atom stansiyalarini loyihalashtirishga zamonaviy yondashuvlar, Kichik modulli reaktorlar-texnologiyalarining global rivojlanish tendensiyalari, ko‘p darajali xavfsizlik tizimlari va passiv himoya tamoyillari, shuningdek, radioaktiv chiqindilar va ishlatilgan yoqilg‘i bilan ishlash bo‘yicha xalqaro amaliyotlarni batafsil o‘rganishdi.
Novovoronej AES (“Rosenergoatom Konsern” AJning Voronej viloyati Novovoronej shahridagi filiali) - Rossiyadagi birinchi VVER tipidagi reaktorli AES bo‘lib, Voronej viloyatini ishonchli va sifatli energiya bilan ta’minlaydi. Atom stansiyasi Don qirg‘og‘ida, Voronejdan 45 km janubda joylashgan. Novovoronej maydonchasida jami yettita VVER tipidagi reaktorli energiya bloklari qurilgan va foydalanishga topshirilgan, hozirda ulardan to‘rttasi ishlaydi. Uchta energoblok bosimli suv reaktorlari tipidagi seriyali energobloklarning bosh prototiplari hisoblanadi.