Valyuta kurslari 05/12/2025
$1 – 11963.23
UZS – 0,43%
€1 – 13970.66
UZS – 0,7%
₽1 – 155.35
UZS – 1,28%
Qidirish
Farg‘onada Baxtiyor Vahobzoda kitobining o‘zbek tiliga tarjimasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Farg‘onada Baxtiyor Vahobzoda kitobining o‘zbek tiliga tarjimasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Farg‘onada Baxtiyor Vahobzoda kitobining o‘zbek tiliga tarjimasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi huzurida faoliyat ko‘rsatadigan Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazi loyihasi bo‘lgan — “Ozarbayjon san’ati va adabiyoti kunlari” dasturi doirasida Farg‘ona Davlat Universitetida Ozarbayjon xalq shoiri, dramaturg, adabiyotshunos olim va jamoat arbobi Baxtiyor Vahobzodaning “Jonimga jo – Ozarbayjonim” kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir taniqli so‘z ustasining 100 yillik yubileyiga bag‘ishlandi.

Ta’kidlanganidek, taqdim etilgan “Jonimga jo – Ozarbayjonim” kitobi Ozarbayjon Madaniyat Markazi loyihasi doirasida o‘zbek tiliga tarjima qilinib nashr etildi. Bu nashr Baxtiyor Vahobzodaning she’riyatini yangi kitobxon auditoriyasiga taqdim etish bilan birga, Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlashuvga hissa qo‘shuvchi muhim adabiy hodisa sifatida baholandi.

Tadbirni Farg‘ona Davlat Universitetining birinchi prorektori, filologiya fanlari doktori, dotsent Zokir Rahimov ochib, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi ilmiy-adabiy hamkorlik so‘nggi yillarda yanada faollashganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Baxtiyor Vahobzoda kabi adabiyot daholarining merosi ikki xalqning ma’naviy xotirasini yaqinlashtiruvchi muhim manbalardandir. Prorektor kitob taqdimotini ham adabiy muhit, hamda talaba auditoriyasi uchun yangi imkonlar ochuvchi ahamiyatli madaniy hodisa sifatida e’tirof etdi.

Ozarbayjon Madaniyat Markazi direktori Akif Marifli o‘z chiqishida Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar bugun Prezident Ilhom Aliyev va Prezident Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosiy rahbarligi natijasida yuksak ishonch, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va qardoshlik tamoyillari asosida rivojlanayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, madaniy sohada o‘tkazilayotgan tashabbuslar faqat davlatlararo munosabatlarning g‘oyaviy-ma’naviy poydevorini mustahkamlabgina qolmay, ayni paytda xalqlar o‘rtasida chuqur tarixiy rishtalarga asoslangan do‘stlik va ma’naviy hamjihatlikni davomli shaklda mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

U o‘z nutqi davomida “Jonimga jo – Ozarbayjonim” kitobining o‘zbek tiliga tarjima qilinib nashr etilishini Baxtiyor Vahobzoda merosining yangi ilmiy va adabiy auditoriyaga yetkazilishi nuqtayi nazaridan ahamiyatli hodisa sifatida baholadi. A. Mariflining ta’kidlashicha, Vahobzodaning she’riyati faqatgina muayyan davrning adabiy-estetik tafakkurini emas, butun bir xalqning ma’naviy intilishlari va hissiy dunyosini ifoda etadi. U shuningdek ta’kidladiki, shoirning ona tili sofligini saqlash, turkiy kimlikni mustahkamlash va turkiy dunyoning ma’naviy birligiga chaqiruvchi g‘oyalari bugungi kunda ham dolzarbligini saqlagan holda, Ozarbayjon–O‘zbekiston munosabatlarining gumanitar-madaniy tamallarining chuqurlashishiga muhim hissa qo‘shmoqda.

Keyingi nutqlarda Farg‘ona Davlat Universiteti professori, filologiya fanlari doktori Xabibullo Jo‘rayev, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika Universiteti professori, “O‘zbekiston–Ozarbayjon” Do‘stlik Jamiyati ijrochi direktori Erkin Nuriddinov, Farg‘ona Davlat Universiteti professori, filologiya fanlari doktori Go‘zal Muxamejanova va O‘zbekiston xalq artisti, professor Sultonali Mannopov Baxtiyor Vahobzodaning ijodining o‘zbek o‘quvchilari uchun ahamiyatini ta’kidlab o‘tishdi.

Notiqlar o‘z chiqishlarida Ozarbayjon she’riyatining klassik an’analar bilan zamonaviy badiiy tafakkur o‘rtasidagi muhim ko‘prik vazifasini o‘tayotgani, B. Vahobzoda she’riyati esa ushbu yo‘nalishning eng yorqin namunalardan biri ekanini qayd etishdi. Ular shoirning asarlarida ko‘tarilgan g‘oyalar – milliy uyg‘onish, ozodlik orzusi, ma’naviy butunlik, qardoshlik va hamjihatlik mavzulari O‘zbekistonda ham buyuk rag‘bat bilan qarshi olinib, ikki xalq o‘quvchilari o‘rtasida ma’naviy yaqinlikni yaratmoqda deya fikr bildirdilar.

Nutq so‘zlovchilar, shuningdek, Ozarbayjon va O‘zbekiston adabiyotlari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirlar, klassik va zamonaviy yozuvchilarning har ikki mamlakatda tanitilishi zarurligini bildirib, bu kabi loyihalar adabiy-madaniy muloqotning rivojlanishiga muhim turtki berishini ta’kidladilar.

Tadbirning badiiy qismida Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazining “Xori Bulbul” teatr truppasi tomonidan Xalq shoiri Baxtiyor Vahobzodaning “Jonimga jo – Ozarbayjonim” kitobidan tanlangan she’rlar ijro etildi. She’rlarning dramatik-kompozitsiya shaklidagi taqdimoti ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan qarshilanib, zalda o‘zgacha hissiy muhit yaratdi.

Yakunda ta’kidlandiki, Baxtiyor Vahobzodaning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilinib Farg‘ona jamoatchiligiga taqdim etilishi Ozarbayjon–O‘zbekiston madaniy aloqalarining rivojida navbatdagi muhim qadam bo‘lib, bunday adabiy loyihalar kelgusida ham davom ettiriladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling