OTB va O'zbekiston sog'liqni saqlash va iqtisodiyot sohalarida DXSH loyihalarini kengaytirishni muhokama qilishdi
OTB va O'zbekiston sog'liqni saqlash va iqtisodiyot sohalarida DXSH loyihalarini kengaytirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 26-yanvar kuni Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya boshchiligidagi delegatsiya vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda OTBning davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha bosh mutaxassisi Dhaval Jamb, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosarlari Ilhomjon Umrzakov va Otabek Fazilkarimov hamda boshqa mas’ul vakillar ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish hamda mamlakatimizda davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida bajarilayotgan loyihalar holati va istiqbollarini muhokama qildi.
Xususan, sog‘liqni saqlash sohasida DXSH mexanizmlari asosida yangi va zamonaviy loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Hududlarda davlat-xususiy sheriklik asosida ko‘p tarmoqli zamonaviy shifoxonalarni tashkil etish, ilg‘or tibbiy texnologiyalarni joriy etish, xalqaro tajribani keng qo‘llash hamda tibbiyot muassasalarini jahon standartlariga moslashtirish bo‘yicha taklif va tashabbuslar muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar amalga oshirilayotgan loyihalarning samaradorligini oshirish, moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda yuqoridagi masalalar yuzasidan fikrlar almashinuvi jrayonlarini kengaytirishga kelishib oldi.