OTB va ACWA Power Qoraqalpog‘istonda “Nukus-2” shamol elektr stansiyasi qurilishini moliyalaydi — UzDaily.uz
Valyuta kurslari 08/09/2025
$1 – 12520.78
UZS – 0,67%
€1 – 14634.29
UZS – 1,06%
₽1 – 153.70
UZS – 0,23%
Qidirish
OTB va ACWA Power Qoraqalpog‘istonda “Nukus-2” shamol elektr stansiyasi qurilishini moliyalaydi

OTB va ACWA Power Qoraqalpog‘istonda “Nukus-2” shamol elektr stansiyasi qurilishini moliyalaydi

OTB va ACWA Power Qoraqalpog‘istonda “Nukus-2” shamol elektr stansiyasi qurilishini moliyalaydi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va "ACWA Power Company" (ACWA Power) kompaniyasi O‘zbekistonda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanidagi “Nukus-2” loyihasi doirasida shamol elektr stansiyasi va akkumulyator asosida energiyani saqlash tizimini qurish uchun 51 million AQSH dollari miqdoridagi qarz paketini imzoladilar.  

Loyiha "ACWA Power" kompaniyasiga to‘liq tegishli bo‘lgan "ACWA Power Beruniy Wind" MCHJ XK kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.  Ushbu loyiha Markaziy Osiyodagi birinchi kommunal miqyosdagi energiyani akkumulyator yordamida saqlash tizimiga ega shamol energetikasi obyekti bo‘lib hisoblanadi.

Moliyalashtirish paketiga OTBning oddiy kapital resurslari hisobidan 25,4 million AQSH dollari va OTB boshqaruvidagi Yetakchi Osiyo xususiy infratuzilma fondi 2 hisobidan 25,4 million AQSH dollari kiradi.    Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB), Gollandiya tadbirkorlikni rivojlantirish banki (FMO), Standard Chartered Bank va Saudiya EXIM parallel kreditorlar bo‘lib hisoblanadi.

Loyiha 200 megavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi va 100 megavatt-soat quvvatga ega akkumulyator asosida energiyani saqlash tizimi hamda tegishli uzatish infratuzilmasini qurish va foydalanishni o‘z ichiga oladi.  U yiliga 727 980 megavatt-soat toza elektr energiyasini ishlab chiqarishi, CO2 emissiyasini yiliga 406 170 tonnaga kamaytirishi va qurilish va ekspluatatsiya jarayonida 200 dan ortiq ish o‘rinlarini yaratishi kutilmoqda.

"Ushbu loyiha O‘zbekistonning kam uglerodli energiyaga kelajagiga o‘tish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib hisoblanadi", dedi OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi Direktori Kanokpan Lao-Araya.   "Loyiha shamol energiyasini akkumulyator asosida energiyani saqlash tizimi bilan birlashtirar ekan, elektr tarmog‘ining barqarorligi va energiya taʼminotining ishonchliligini oshiradi va mamlakatning 2030 yilgacha elektr energiyasini ishlab chiqarish tizimida qayta tiklanadigan energiya ulushining 54 foiziga yetkazish maqsadini qo‘llab-quvvatlaydi."

O‘zbekistonning energetika sektorini qo‘llab-quvvatlash doirasida OTB O‘zbekiston hukumati ko‘magida 7,5 million AQSH dollari miqdoridagi kredit kafolatini taqdim etdi.  Kafolat moliyaviy xatarlarni kamaytirish va raqobatni kuchaytirish uchun tender jarayoniga kiritildi, natijada “Nukus-2” loyihasi uchun past tarif belgilanishiga olib keladi.

Loyiha O‘zbekistonning energetika sohasidagi islohotlarning OTB tomonidan doimiy qo‘llab-quvvatlanishiga asoslangan bo‘lib, 2030 yilgacha qayta tiklanadigan energiya manbalarining quvvatini 25 gigavattga oshirish va yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 35 foizga kamaytirishni nazarda tutuvchi O‘zbekistonning 2030 yilga strategiyasiga mos keladi.  Shuningdek, u OTBning iqlim barqarorligi, gender tengligi va xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha korporativ ustuvorliklarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Bu yil OTB va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida hamkorlikga 30 yil to‘ldi.  O‘zbekiston Respublikasi OTB ga  1995 yilda aʼzo bo‘lgandan beri bank mamlakatga jami 14,3 mlrd. AQSH dollari miqdorida davlat sektori qarzlari, nosuveren qarzlar, grantlar va texnik ko‘mak taqdim etgan.

OTB Osiyo va Tinch okeani mintaqasida inklyuziv va barqaror o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydigan yetakchi ko‘p tomonlama rivojlanish bankidir.  OTB murakkab muammolarni birgalikda hal qilish uchun o‘z aʼzolari va hamkorlari bilan ishlar ekan, insonlar hayotini o‘zgartirish, sifatli infratuzilmani barpo etish va sayyoramizni himoya qilish uchun innovatsion moliyaviy vositalar va strategik hamkorliklardan foydalanadi.   OTB 1966 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 69 mamlakat aʼzo bo‘lgan. Ularning 50 tasi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida joylashgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling