Ota-ona qaramog‘isiz qolgan ikki yoshli qizaloq Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ota-ona qaramog‘isiz qolgan yana bir voyaga yetmagan qizcha Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil matbuot xizmati xabar berdi.
Bolalar ombudsmaniga Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro N.G (ayol) ning murojaati kelib tushdi.
Murojaatda voyaga yetmagan nevarasi D.R (2023-yilda tug‘ilgan) ning otasi vaqtincha hibsxonada, onasi esa migratsiya markazida saqlanayotganligi sababli 2 yoshli farzandi Rossiya Federatsiyasida ota-ona qaramog‘isiz qolganligi, hozirda Nijniy Novgorod shahar bolalar shifoxonasida ekanligini bildirib, nevarasini O‘zbekistonga qaytarilishida amaliy ko‘mak so‘ragan.
Bolalar ombudsmani, Ichki Ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi Bosh konsulligi vakillari hamkorligida bolaning O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilib, hujjatlar rasmiylashtirildi.
Shuningdek, Bosh konsullik sa’i-harakatlari bilan bolaning onasi ham O‘zbekistonga farzandi bilan qaytishi uchun choralar ko‘rildi.
Natijada, 2025-yil 16-may kuni qizcha onasi hamrohligida O‘zbekistonga olib kelindi va buvi bilan yashash manziliga yetkazildi.