Ostona shahrida O‘zbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining birinchi forumi o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib turgan O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi “Umumiy tarixiy-madaniy meros – hamkorlikning yangi ufqlari” mavzusida Ostona shahrida o‘tkazilgan O‘zbek-qozoq ilmiy-ijodiy ziyolilarining birinchi forumida ishtirok etdi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva o‘z nutqida O‘zbekiston va Qozog‘istonni nafaqat umumiy manfaatlar, balki chuqur tarixiy, madaniy va maʼnaviy ildizlar bog‘lab turganini taʼkidladi.
Mamlakatlar rahbarlari – Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Qosim-Jomart Toqayevning siyosiy irodasi va saʼy-harakatlari tufayli ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, jumladan, gumanitar va madaniy aloqalar tobora mustahkamlanayotgani qayd etildi.
Forumda buyuk mutafakkirlar, shoir va olimlar, faylasuflar merosini asrab-avaylash va targ‘ib etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Ostona shahrida Alisher Navoiyga, Toshkentda esa Abay Qo‘nonboyevga haykallar o‘rnatilgani, O‘zbekistonda Abay tavalludining 180 yilligiga bag‘ishlangan xotira tadbirlari o‘tkazilgani ikki davlat hamkorligining yorqin namunasi sifatida tilga olindi.
Shuningdek, ilm-fan va taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalasi ham muhokama etildi. Bugungi kunga qadar O‘zbekiston va Qozog‘iston oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida 280 dan ortiq shartnoma va memorandumlar imzolangani, qo‘shma taʼlim dasturlari yo‘lga qo‘yilgani taʼkidlandi. Taʼlim kunlari va universitet yarmarkalari o‘tkazilayotgani, shuningdek, O‘zbekistonda qozoq tilida mutaxassislar tayyorlanayotgani va 400 dan ortiq maktabda qozoq tili o‘qitilayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston parlamenti madaniy va ilmiy hamkorlikka qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashi, bu yo‘nalishda zarur qonunchilik va tashkiliy shart-sharoitlar yaratilishi taʼkidlandi.
Forum doirasida ishtirokchilar yangi sharoitlarda madaniy turizm va kreativ industriyani rivojlantirish, yoshlarni faol jalb etgan holda festivallar, ko‘rgazmalar, kinoforumlar va boshqa gumanitar tadbirlarni o‘tkazish muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Shu tariqa forum O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida gumanitar aloqalarni mustahkamlash, yangi loyihalarni muhokama qilish va ikki mamlakat ziyolilari o‘rtasida fikr almashish uchun muhim minbarga aylandi.
Shu bilan birga, forum doirasida ikki xalqning buyuk shoirlari, rassomlari va olimlarining ilmiy hamda ijodiy merosidan iborat namunalar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Ushbu ko‘rgazmada ularning asarlari va ilmiy ishlari keng jamoatchilik eʼtiboriga taqdim etildi. Shuningdek, o‘zbek mualliflari tomonidan tayyorlangan tarixga oid kitoblar taqdimoti ham o‘tkazildi.