Osiyo taraqqiyot banki va Fransiyaning “Groupe Huit” kompaniyasi vakillari bilan master rejalar boʻyicha uchrashuv boʻlib oʻtdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 14-oktabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi Yer islohotlari va hududlar master rejalarini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish boshqarmasi vakillari, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Fransiyaning “Groupe Huit” kompaniyasi mutaxassislari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda OTBning shaharsozlik masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Massimo Petrone, “Groupe Huit” kompaniyasining bosh shaharsoz mutaxassisi Joss Giyom va boshqa masʼullar ishtirok etdi.
OTBning texnik koʻmagida master rejalar yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi faoliyatiga koʻmaklashuvchi Fransiyaning “Groupe Huit” kompaniyasi jalb qilindi.
Ushbu kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan master rejalarni amalga oshirish, yangi master rejalarni ishlab chiqish hamda xalqaro tajribadan kelib chiqib master rejalar boʻyicha amaldagi qonunchilikni takomillashtirish va salohiyatni oshirish yoʻnalishlarida ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Tomonlar hududlarda master rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha bir qator masalalarni muhokama qildi. Jumladan, Toshkent viloyati Toshkent tumani bo‘yicha yangi master reja ishlab chiqish, bunda asosiy e’tiborni tumanni Toshkent shahri bilan tezkor transport orqali bog‘lashga qaratish, Jizzax viloyati Jizzax shahri yaqinida “Water Park” tashkil qilish masalalari bo‘yicha fikr almashildi
Uchrashuv yakunida tomonlar dastlabki bosqichda pilot hudud sifatida Toshkent viloyatining Toshkent tumanida master reja ishlab chiqishni boshlash hamda master rejalar asosida OTB mablagʻlari hisobidan infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishga kelishib oldi.