Osiyo Olimpiya kengashi prezidenti etib Qatardan Javʼan bin Hamad Ol Soniy saylandi
Osiyo Olimpiya kengashi prezidenti etib Qatardan Javʼan bin Hamad Ol Soniy saylandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo Olimpiya kengashining 46-General assambleyasida tashkilotning yangi prezidenti saylovi o‘tkazildi.
Prezidentlik lavozimiga yagona nomzod sifatida Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi raisi birinchi o‘rinbosari hamda Qatar Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Shayx Javʼan bin Hamad Ol Soniy ko‘rsatildi va u bir ovozdan saylandi.
Yangi rahbar saylangani munosabati bilan Javʼan bin Hamad Ol Soniyni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tabriklab, Osiyo mintaqasida hamkorlikni yana-da mustahkamlash va olimpiya harakatini rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.
Osiyo Olimpiya kengashining 46-General assambleyasi Toshkent shahrida OOK prezidenti vazifasini bajaruvchining qutlov so‘zi bilan ochildi.
Tadbir doirasida ishtirokchilarga Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Baxning video murojaati namoyish etildi, shuningdek, tashkilot oldidagi xizmatlari uchun OCA Merit Award mukofoti topshirildi.
Sessiya davomida tashkiliy masalalar hamda Osiyo sportining keyingi rivojlanishini belgilab beruvchi muhim qarorlar muhokama qilindi.
Muhim qarorlardan biri sifatida Osiyo yoshlar o‘yinlarini qabul qiladigan shaharlar bilan shartnomalar imzolandi. Toshkent shahri 2029 yilgi O‘yinlar poytaxti sifatida rasman tasdiqlandi, 2031 yilgi musobaqalar esa Pnompen shahrida o‘tkaziladi.
Shartnomalarning O‘zbekiston poytaxtida imzolanishi Toshkentning mintaqadagi sport hamkorligi markazi sifatidagi mavqeini yana-da mustahkamladi.