O‘shda Alisher Navoiy haykali ochildi
O‘shda Alisher Navoiy haykali ochildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 12-dekabr kuni Qirg‘iz Respublikasining O‘sh shahrida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Andijon viloyati hokimligi va Madaniyat vazirligi delegatsiyasi, O‘sh shahar hokimi Jenishbek Toktorbayev, Qirg‘iz Respublikasi prezidentining vakolatli vakili Amankan Kenjabayev, Qirg‘iz Respublikasi Madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari Askarali Madaminov hamda O‘sh shahri aholisi ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar ikki davlat yetakchilarining do‘stona aloqalari hamda olib borayotgan siyosati natijasida qardoshlik, qo‘shnichilik aloqalarining yangitdan quloch yoyganiga alohida to‘xtaldilar.
Haykal shaharning Qurmandjan Datka va Navoiy ko‘chalari kesishgan joyda o‘rnatildi. Ayni paytda hududda alisher Navoiy nomini olgan dam olish va istirohat bog‘i, bog‘cha va maktab faoliyat yuritib kelmoqda.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri hamda O‘sh shahri meri, Andijon viloyat hokimligi hamda qator vakillar ishtirokida o‘zaro manfaatli muzokaralar olib borildi. Turizm, madaniyat, adabiyot va sanʼat sohalaridagi hamkorlik munosabatlarini 2026 yilda yana-da mustahkamlash masalalari har ikki mamlakat vakillarining fikrlarida bayon etildi. O‘zbekiston hamda Qirg‘iziston o‘rtasidagi kelishuvlar vakolatli vakillar orqali imzolandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga ko‘ra Qirg‘iz Respublikasining O‘sh shahri meri Jenishbek Shermamatovich Toktorbayev Do‘stlik ordeni bilan taqdirlandi.
O‘sh shahrida Bobur nomidagi o‘zbek akademik teatri mavjud. U nafaqat Qirg‘iziston, balki O‘zbekiston uchun ham muhim madaniyat maskani hisoblanadi.