“Orient Silk Road Express” sayyohlik poyezdi Toshkentdan yo‘lga chiqdi
“Orient Silk Road Express” sayyohlik poyezdi Toshkentdan yo‘lga chiqdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahridan joriy yilning ilk “Orient Silk Road Express” sayyohlik poyezdi tantanali ravishda jo‘nab ketdi. Ushbu noyob poyezd “g‘ildirakdagi mehmonxona” sifatida e’tirof etilib, 2026-yilgi temiryo‘l turizmi mavsumiga rasman start berdi.
Mazkur sayyohlik poyezdi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ hamda Germaniyaning Lernidee Erlebnisreisen kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
Poyezdda 11 ta davlatdan 82 nafar sayyoh yo‘lga chiqdi. Jumladan: Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSh, Fransiya, Shveytsariya, Avstriya, Avstraliya, Kanada, Lyuksemburg, Singapur va Ispaniya.
Sayohat dasturi doirasida mehmonlar Samarqand, Xiva, Buxoro va Toshkent shaharlariga tashrif buyurib, quyidagi imkoniyatlardan bahramand bo‘ladilar: poyezdda qulay yashash sharoitlari, mazmunli va boy ekskursiya dasturlari, O‘zbekistonning betakror tarixi hamda boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishish.
Marshrut afsonaviy Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab tashkil etilgan bo‘lib, to‘rtta davlatni o‘zaro bog‘laydi hamda sayohatchilarga unutilmas taassurotlar ulashadi.
Tur dasturi O‘zbekiston hududida 9 kunlik sayohatni o‘z ichiga oladi.
Ushbu reys 2026-yilda rejalashtirilgan 12 ta sayyohlik poyezdi qatnovining birinchisi hisoblanadi.
Poyezd jo‘natilishi tantanali ruhda o‘tkazilib, mehmonlarga milliy taomlar tortiq etildi hamda ularga o‘zbekona mehmondo‘stlik namoyish qilindi.