Orascom Oʻzbekiston shakar sanoatida qiymat zanjirlarini rivojlantirishdan manfaatdor
Orascom Oʻzbekiston shakar sanoatida qiymat zanjirlarini rivojlantirishdan manfaatdor
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Ayni kunlarda Misr Arab Respublikasining yirik investitsiya kompaniyalaridan biri — Orascom Investment (Nile Sugar) vakillari mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida Misr delegatsiyasi respublikamizda salqin ichimliklar ishlab chiqarish sohasida yetakchi korxonalarda bo‘lib, mavjud ishlab chiqarish quvvatlari, xomashyo ehtiyoji va texnologik jarayonlar bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuvlar davomida O‘zbekistonda shakar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, ichki bozorni sifatli mahsulot bilan barqaror ta’minlash hamda tayyor mahsulotlar zanjirida mahalliy xomashyo ulushini ko‘paytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Misr tomoni kelgusida mamlakatimizda ishlab chiqariladigan shakarni bevosita sotib olib, uni salqin ichimliklar ishlab chiqarish jarayonida qo‘llash bo‘yicha qiziqish bildirgani qayd etildi.
Mazkur hamkorlik modeli yirik ichimlik ishlab chiqaruvchi korxonalarni arzon va sifatli shakar bilan uzluksiz ta’minlash barobarida, mahalliy shakar sanoati uchun barqaror bozor shakllanishiga, import hajmlarining qisqarishiga hamda qo‘shilgan qiymat zanjirining kengayishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Bunday yondashuv O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish va sanoat integratsiyasini chuqurlashtirish borasida amalga oshirilayotgan izchil siyosatning amaliy natijalaridan biri hisoblanadi.