Valyuta kurslari 18/11/2025
$1 – 12009.92
UZS – -0,25%
€1 – 13933.91
UZS – -0,42%
₽1 – 147.80
UZS – -0,92%
Qidirish
Omonxona qishlog‘i BMT Turizm tashkilotining turizm qishloqlarini rivojlantirish dasturiga kiritildi

Omonxona qishlog‘i BMT Turizm tashkilotining turizm qishloqlarini rivojlantirish dasturiga kiritildi

Omonxona qishlog‘i BMT Turizm tashkilotining turizm qishloqlarini rivojlantirish dasturiga kiritildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —  BMT Turizm tomonidan navbatdagi “Eng yaxshi turizm qishloqlari” (Best tourism villages) loyihasi g‘oliblari e’lon qilindi.

Ushbu global loyiha turizm qishloqlariga e’tiborni kuchaytirish, kichik qishloqlarning o‘zgacha madaniyati, urf-odati va tabiat go‘zalliklarini saqlab qolish maqsadida amalga oshiriladi. Joriy yil mazkur tanlovga Afrika, Amerika, Osiyo va Yevropa mintaqalaridagi 65 ta mamlakatdan 270 dan ortiq nomzodlar qabul qilingan.

Turizm qo‘mitasi tomonidan mazkur tanlov uchun taqdim etilgan Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi Omonxona qishlog‘i nomzodnomasi tanlov g‘oliblaridan deb topildi hamda loyihaning “Rivojlantirish dasturi” (Upgrade Programme)ga kiritildi. Bu xalqaro miqyosda O‘zbekiston turizm sohasining navbatdagi yutug‘i sifatida e’tirof etilishidir.

Surxondaryo viloyati Boysun tumanining tog‘li hududida joylashgan Omonxona qishlog‘i o‘zining tabiiy manzaralari, shifobaxsh buloqlari, tarixiy yodgorliklari, nomoddiy madaniy merosi hamda mehmondo‘st aholisi bilan mashhur. So‘nggi yillarda bu hududda turizm infratuzilmasi bosqichma-bosqich rivojlantirilmoqda, sayyohlarga yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida qishloq hududida turistik markaz barpo etilmoqda. 2024-yil Omonxona qishlog‘iga O‘zbekistonning turizm qishlog‘i maqomi berilgan edi.

Omonxona qishlog‘ining mazkur dasturga kiritilishi – bu nafaqat xalqaro e’tirof, balki O‘zbekistonning qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish va yangi turizm markazlarini shakllantirish yo‘lidagi izchil siyosatning muvaffaqiyatli natijasidir.

BMT Turizmning “Rivojlantirish dasturi”iga dunyoning turizm salohiyati yuqori bo‘lgan nufuzli qishloqlari tanlov asosida kiritiladi. Ushbu dastur mutaxassislar ko‘magi, o‘quv dasturlar va texnik maslahatlar bilan qo‘llab-quvvatlash natijasida qishloq salohiyatini yanada ko‘tarish va sayyohlar e’tiboriga havola qilishni maqsad qiladi. Dastur doirasida BMT Turizm ekspertlari tomonidan turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha strategik yo‘l-xarita ishlab chiqish, xalqaro ekspertlar bilan treninglar va konsultatsiyalar o‘tkazish, mahalliy boshqaruv, xizmat sifati va marketing tizimlarini xalqaro tajriba asosida yaxshilash, qishloqni “Eng yaxshi turizm qishloqlari tarmog‘i” (Best Tourism Villages Network)ga qo‘shish orqali boshqa davlatlar bilan hamkorlik va tajriba almashuv imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilgan. 

BMT Turizmning “Eng yaxshi turizm qishlog‘i” tanlovi 2021-yildan beri o‘tkazib kelinmoqda. Ushbu maqom ekologik va agroturizm sohasida nufuzli ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan, shu jumladan madaniy va tabiat qadriyatlarini, organik oziq-ovqat mahsulotlari va hayot tarzini saqlab qolgan qishloqlarga beriladi va dunyo bo‘ylab eng yaxshi turizm qishlog‘i deb tan olinadi.

2023-yil Navoiy viloyatidagi Sentob qishlog‘i mazkur e’tirofga sazovor bo‘lgan edi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling