Ombudsman Navoiy viloyatidagi 5-sonli koloniyada Alisher Tursunovning saqlanish sharoitlarini tekshirdi
Ombudsman Navoiy viloyatidagi 5-sonli koloniyada Alisher Tursunovning saqlanish sharoitlarini tekshirdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Navoiy viloyatida Inson huquqlari bo‘yicha vakilning hududiy vakili Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan mahkum Alisher Tursunovning saqlanish sharoitlarini tekshirish maqsadida 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga tashrif buyurdi, deb xabar qildi ombudsman apparati.
Monitoring davomida mahkumlar bilan, shu jumladan mahkum A.T. bilan ham holi tarzda suhbat o‘tkazildi va uning sog‘lig‘iga oid tibbiy hujjatlar bilan tanishildi.
A.T. muassasada tibbiy yordam ko‘rsatilishidan shikoyati yo‘qligini, muntazam ravishda to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib kelinayotganligini, faqatgina avvaldan mavjud bo‘lgan kasalliklari tufayli sog‘lig‘ida biroz o‘zgarishlar borligini va tegishli tibbiy yordam olayotganligini qayd etdi.
Shuningdek, muassasada o‘z xohishiga ko‘ra mehnatga jalb etilganligi (oshxona ishlari bilan shug‘ullanadi) hamda qonunchilikda belgilangan vaqtlardan tashqari ortiqcha mehnatga jalb etilmaganligini, ish sharoiti mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq ekanini aytib o‘tdi.
Oziq-ovqat taʼminoti va yashash sharoiti bo‘yicha ham shikoyat bildirmadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sog‘lig‘idan kelib chiqib, belgilangan norma bo‘yicha oziq-ovqat beriladi.
Mahkum A.T. bilan o‘tkazilgan holi tarzdagi suhbatda u hech qanday masalada murojaat qilmadi.
Eslatib o‘tamiz, 8 oktyabr kuni Uchtepa tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Alisher Tursunovga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqishni yakunlagan edi. U milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash va tarqatish, shuningdek diniy materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish va tarqatishda aybli deb topilgan.
Yengillashtiruvchi holatlar inobatga olinib, sud Tursunovga umumiy tartibli koloniyada o‘tash sharti bilan ikki yarim yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Shuningdek, sud qaroriga muvofiq Facebook, Instagram, Telegram ijtimoiy tarmoqlarida, shuningdek YouTube videoxostingida Mubaşşir Ahmad va Azon Global nomlari bilan yuritilgan sahifalar va kanallar bloklanishi belgilandi.