Valyuta kurslari 26/12/2025
$1 – 12078.47
UZS – 0,09%
€1 – 14234.48
UZS – -0,04%
₽1 – 155.23
UZS – 0,99%
Qidirish
Olmaotada O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Olmaotada O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Olmaotada O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston elchisi Baxtiyor Ibragimov Qozog‘istonning Olmaota shahriga amaliy tashrifi doirasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator uchrashuvlar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda Olmaota shahri hokimiyati vakillari, tegishli idoralar, ishbilarmon doiralar hamda ekspertlar ishtirok etdi.

Olmaota shahri hokimi Darxan Satibaldi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi aloqalar jadal surʼatlarda rivojlanayotgani qayd etildi. Tomonlar hududlararo hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashdi.

Darxan Satibaldi O‘zbekiston bilan hamkorlikning yuqori surʼatlarini alohida qayd etib, 2025-yil noyabr oyida Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga davlat tashrifi hamda 2025-yil mart oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Olmaota shahriga amaliy tashrifi ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirganini taʼkidladi.

Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra Olmaota – O‘zbekiston mintaqalari o‘rtasida tovar aylanmasi 20 foizga o‘sib, 850 million AQSh dollaridan oshgan va bu ikki mamlakat o‘rtasidagi savdoning taxminan beshdan bir qismini tashkil etadi. Shuningdek, Olmaota shahrida O‘zbekiston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 4 mingtaga yetgan.

Uchrashuvda turizm salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida aviaqatnovlarni ko‘paytirish, qo‘shma taqdimot tadbirlarida milliy stendlar bilan ishtirok etish, savdo hajmini bosqichma-bosqich oshirish, biznes-missiyalar tashkil etish hamda sanoat kooperatsiyasi doirasida innovatsion yo‘nalishlarda qo‘shma ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Diplomatlar, shuningdek, Qozog‘istonning “Olimp” kompaniyasi boshqaruvidagi Olmaota mintaqaviy diagnostika markazi faoliyati bilan tanishdi. Unda sog‘liqni saqlash sohasida xususiy boshqaruv va samarali menejment amaliyotini o‘rganishga alohida eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, “KazWaste” assotsiatsiyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazilib, maishiy va sanoat chiqindilarini boshqarish samaradorligini oshirish, mutaxassislar salohiyatini kuchaytirish, ilg‘or tajribalar almashish hamda mintaqaviy ekologik loyihalarni shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muloqot davomida 2026-yil aprel oyida Ostona shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan mintaqaviy ekologik tadbirlar doirasida chiqindilarni boshqarish mavzusida amaliy muloqot maydonchalarini tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Uchrashuvlar yakunida tomonlar ikki mamlakat vakolatli tuzilmalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, hamkorlik memorandumini tayyorlash hamda xalqaro moliya manbalari hisobidan qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish yuzasidan kelishib oldilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling