“Olmaliq KMK”da jiddiy ekologik qonunbuzarliklar aniqlandi
“Olmaliq KMK”da jiddiy ekologik qonunbuzarliklar aniqlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “Olmaliq koni-metallurgiya kombinati” AJda o‘tkazilgan reyd tekshiruvlari davomida O‘zbekiston Milliy ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik nazorati inspeksiyasi tomonidan Toshkent viloyati hududida bir qator qonunbuzarliklar aniqlandi.
Nazorat natijalariga ko‘ra, xavfli ishlab chiqarish chiqindilari ochiq maydonlarda noqonuniy ravishda saqlanayotgani, bu esa tuproq hamda yer osti suvlari holatiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgani maʼlum bo‘ldi. Shuningdek, Ohangaron shahridagi ruda boshqarmasining tozalash inshootlarida uskunalar eskirgani sababli oqova suvlar yetarlicha samarali tozalanmayapti va natijada ular deyarli chiqindiga aylanib, Angren daryosiga oqizilmoqda.
Aniqlangan qonunbuzarliklar munosabati bilan korxonaga 48 milliard so‘m miqdorida qo‘shimcha kompensatsiya belgilandi. Shu bilan birga, qonunbuzarliklarni bartaraf etish va ekologik meʼyorlarga rioya qilish bo‘yicha 20 banddan iborat majburiy ko‘rsatmalar berildi.