Olmaliq davlat texnika institutida ilk ilmiy-maʼrifiy uchrashuv o‘tkazildi
Olmaliq davlat texnika institutida ilk ilmiy-maʼrifiy uchrashuv o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 25 noyabr kuni Olmaliq davlat texnika instituti tashkil etilganligi munosabati bilan keng jamoatchilik ishtirokida “Men Yangi O‘zbekiston talabasiman” mavzusida ilk ilmiy-maʼrifiy anjuman tashkil etildi.
Tadbirda institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, chet ellik mehmonlar, ota-onalar hamda talabalar ishtirok etdi. Anjumanda rektor chiqish so‘zida talaba yoshlarga sifatli taʼlim, ilmiy-amaliy faoliyat va innovatsion g‘oyalarni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilayotgaligini hamda institut rivojlanish Konsepsiyasining asosiy mazmuni haqida so‘zlab, talabalarga taʼlim olishlarida muvaffaqiyatlar tiladi. Talabalar o‘z navbatida Vatanga sadoqat, bilim olishda masʼuliyat va jamoat manfaatlariga xizmat qilish haqida tantanali qasamyod qabul qiladilar.
Tadbir doirasida ijodiy jamoalar ishtirokida maʼrifiy-madaniy dastur namoyish etildi, faol talabalar tomonidan ijodiy chiqishlar taqdim etildi. Iqtidorli talabalar institut rahbariyati tomonidan munosib taqdirlandilar. Marosimning asosiy maqsadi – yoshlarda vatanparvarlik, masʼuliyat, ilmga hurmat va fidoyilik hissini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Olmaliq davlat texnika instituti O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 sentyabrdagi PQ-279 son Qarori asosida tashkil etilgan bo‘lib, maqsad Toshkent viloyati iqtisodiyot tarmoq va sohalarida, jumladan, muhandislik, metallurgiya, ishlab chiqarish, konchilik sohalarida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega oliy maʼlumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni taʼminlash etib belgilangan.
ODTIning tashkil etilganining dastlabki kunlaridanoq institut rivojlanish Konsepsiyasini ishlab chiqdi. Konsepsiyani amalga oshirish O‘zbekiston va Markaziy Osiyo iqtisodiyotini muhandislik, metallurgiya va tog‘-kon sohalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlovchi zamonaviy ilmiy-taʼlim markazini yaratish imkonini berish bilan birga mamlakat sanoat kompleksining barqaror texnologik rivojlanish vazifasini hal qiladi.
Hozirda Olmaliq davlat texnika instituti 6 mingga yaqin talaba 11 ta taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 47,3% ilmiy salohiyatga ega oliy taʼlim muassassasidir. Bu yerdagi 165 nafar professor-o‘qituvchilardan 78 nafari ilmiy darajaga ega.
Bundan tashiari, Olmaliq davlat texnika instituti bugungi kunda taʼlim yo‘nalishlarini kengaytirib, so‘nggi 40 yilda ilk bor Bekobod tumanida yangi fakultet tashkil etilishiga erishdi.
ODTI bugungi kunda 15 ga yaqin xorijiy davlatlar – Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Malayziya, Turkiya, Eron, Vengriya, Belorussiya kabi davlatlarning nufuzli oliygohlari va sanoat kompaniyalari bilan hamkorlik shartnomalarini imzolagan.