Oliy taʼlimga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiyani ratifikatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida “Oliy taʼlimga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiyani (Parij, 2019-yil 25-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur Konvensiyaning asosiy maqsadi milliy taʼlim tizimlarining xalqaro integratsiyalashuvini taʼminlash, oliy taʼlim sohasidagi malakalarni barcha davlatlarda tan olish jarayonlarini soddalashtirish va taʼlimga oid hujjatlarning umumeʼtirof etilishini taʼminlashdan iborat.
Taʼkidlanganidek, bu xalqaro hujjat BMTning oliy taʼlim sohasidagi ilk global shartnomasi bo‘lib, u dunyo miqyosida malakalarni adolatli va shaffof baholash, mintaqalararo akademik mobillikni rivojlantirish hamda talabalar, o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning erkin harakatlanishini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, Konvensiya taʼlim hujjatlarini tan olishda umumiy tamoyillarni belgilaydi.
Senatorlar taʼkidlaganidek, Qonunning qabul qilinishi fuqarolar uchun taʼlim olishda qulayliklar yaratish, taʼlim sifati va raqobatbardoshligini oshirish, akademik mobillikni kengaytirish, xorijiy mehnat bozoriga kirish imkoniyatlarini kengaytirish hamda milliy oliy taʼlim tizimini global taʼlim makoniga integratsiya qilishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Global konvensiya oliy taʼlim va mehnat migratsiyasi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim huquqiy platforma sifatida ahamiyat kasb etadi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.