Oliy taʼlim tashkilotlarini kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda baholash mezonlari tasdiqlandi
Oliy taʼlim tashkilotlarini kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda baholash mezonlari tasdiqlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Adliya vazirligi Oliy taʼlim tashkilotlarini kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda baholash mezonlari bo‘yicha indikatorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami: 3732-son, 23.12.2025 y.).
“Taʼlim to‘g‘risida”gi Qonunning 58-moddasiga ko‘ra, oliy taʼlimni amalga oshiruvchi davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari va taʼlim dasturlariga muvofiqlik jihatdan kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi.
Mazkur idoraviy hujjat bilan 8 ta yo‘nalish doirasidagi 47 ta mezon bo‘yicha oliy taʼlim tashkilotlarini kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda foydalaniladigan 271 ta indikator belgilanmoqda.
Unga ko‘ra, 19 ta (7 %) majburiy indikatorlar (indeksatsiyalangan maʼlumotlar bazalaridan foydalanish imkoniyatining mavjudligi, antiplagiat tizimi joriy etilganligi va b.) hamda 252 ta (93 %) umumiy indikatorlar (natijalarga erishgan tyutorlarning rag‘batlantirib borilganligi, talabalarning startap loyihalari va ratsionalizatorlik g‘oyalari uchun tanlovlarning tashkil etilganligi va b.) mavjud bo‘lib, “muvofiq” yoki “muvofiq emas” tarzida baholanadi.
Bunda: 50 % gacha indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon “muvofiq emas”;
50 % dan 70 % gacha indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon “qisman muvofiq”;
70 % va undan ortiq indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon “muvofiq” deb topiladi.
Majburiy indikator “muvofiq emas” deb baholansa, umumiy natijadan qatʼi nazar, mezon “muvofiq emas” deb topiladi.