Oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim dasturlarini akkreditatsiyasidan o‘tkazishda baholash mezonlari bo‘yicha indikatorlar tasdiqlandi
Oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim dasturlarini akkreditatsiyasidan o‘tkazishda baholash mezonlari bo‘yicha indikatorlar tasdiqlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Adliya vazirligi “Oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda baholash mezonlari bo‘yicha indikatorlarni tasdiqlash haqida”gi buyruqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami: 3716, 01.12.2025 y.).
Unga ko‘ra, 6 ta yo‘nalish doirasidagi 31 ta mezon bo‘yicha oliy taʼlim tashkilotlaridagi taʼlim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda foydalaniladigan 190 ta indikator belgilab berildi.
Bunda 8 ta (4.2 %) majburiy indikatorlar (masʼul tarkibiy tuzilmani tashkil etishning aniq rejasi mavjudligi, talabalar kontingentidan kelib chiqqan holda o‘quv xonalari bilan taʼminlanganlik va b.) hamda 182 ta (95.8 %) umumiy indikatorlar (fan mazmuniga mos xorijiy adabiyotlardan foydalanish, talabalar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazish, qabul parametrlarini belgilashda axborot-resurs markazining imkoniyatlarini hisobga olish va b.) mavjud bo‘lib, “muvofiq” yoki «muvofiq emas» tarzida baholanadi.
Bunda: 50 % gacha indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon «muvofiq emas»;
50 % dan 70 % gacha indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon «qisman muvofiq»;
70 % va undan ortiq indikatorlar “muvofiq” deb baholansa – mezon “muvofiq” deb topiladi.
Majburiy indikator «muvofiq emas» deb baholansa, umumiy natijadan qatʼi nazar, mezon «muvofiq emas» deb topiladi.