Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi belgilandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hukumat qarori (578-son, 13.09.2025 y.) bilan “Oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga quyidagilar asosida o‘qishga qabul qilinadi:
Prezident hujjatlari bilan tasdiqlangan bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti, jumladan, taʼlim granti asosida;
O‘zbekiston Respublikasi taʼlim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan umumiy qabul parametrlari asosida.
Kirish imtihonlari 2 bo‘limdan iborat bo‘ladi:
1-bo‘lim – barcha bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari uchun majburiy 3 ta fan – ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixidan test sinovlari;
2-bo‘lim – abituriyent tanlagan bakalavriat taʼlim yo‘nalishiga mos 2 ta fandan test sinovlari yoki taʼlim yo‘nalishiga mos kasbiy (ijodiy) imtihonlar.
Qabul jarayoni 2 bosqichda amalga oshiriladi:
1-bosqichda 5 iyundan 25 iyungacha test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, taʼlim tili va test topshirish hududi;
2-bosqichda test sinovi yakunlangach, 15 kun davomida oliy taʼlim tashkiloti, bakalavriat taʼlim yo‘nalishi, taʼlim shakli va tanlov ustuvorligi tanlanadi.
Abituriyentning test sinovida to‘plagan ballari haqida maʼlumot test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasiga eʼlon qilinadi.
Abituriyentning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani bo‘yicha tanlov natijasi ro‘yxatdan o‘tishning 2-bosqichi yakunlangach, 1 hafta muddatda Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.