Oliy Majlisda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining tutash hududlarni obodonlashtirish masalasiga munosabati tinglandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda deputatlar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining parlament so‘roviga javobini ko‘rib chiqdilar.
Qonunchilik palatasining shu yil 23-sentabrda bo‘lib o‘tgan majlisida ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlaridagi yashil maydonlar, bolalar o‘yingohlari va sport maydonchalarini joy mulkdorlari, boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan saqlash va doimiy obodonlashtirib borish, ularning tutash hududlarini noqonuniy egallab olinishining oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish so‘ralgan edi.
Ma’lum qilinishicha, ayni vaqtda respublika bo‘yicha 1,5 mlndan ortiq xonadondan iborat 44 280 ta ko‘p kvartirali uylar mavjud. Shundan 39 859 ta uylarga 971 ta boshqaruvchi tashkilotlar, 851 ta uylarga 241 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan xizmat ko‘rsatib kelinmoqda.
Prezidentimizning 2023-yil 15-avgustdagi qarori ijrosini ta’minlash doirasida 40 735 ta ko‘p kvartirali uyning tutash yer uchastkalari chegaralari aniqlanib, ularni joylar mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida berish uchun mahalliy hokimliklar tomonidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Hozirda ko‘p qavatli uylarning tutash hududlarida 9 937 ta bolalar maydonchasi, 2 385 ta umumiy foydalanishdagi hojatxona, 285 ming pagonametrga yaqin irrigatsiya tarmog‘i hamda 7,8 mln. m² beton yo‘laklar mavjud.
2017–2024-yillar davomida 2 777 ta bolalar maydonchasi, 386 ta umumiy foydalanishdagi hojatxona qurilib, 92 ming pagonametr irrigatsiya tarmoqlari va 1,5 mln m² yo‘laklar ta’mirlangan. 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan rejalarga ko‘ra, yana 1 656 ta bolalar maydonchasi, 474 ta umumiy foydalanishdagi hojatxonalar, 176 ming pagonametr irrigatsiya tarmoqlari va 1,7 mln m² beton yo‘laklar qurilishi ko‘zda tutilgan.
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari “Yashil makon” loyihasi doirasida hududlarni obodonlashtirish, gul va daraxt ko‘chatlari ekish ishlarini amalga oshirmoqda. Joriy yilning bahorida 248 881 tup mevali va manzarali daraxt hamda butalar ekilgan.
2025-yilda olib borilgan nazorat tadbirlari davomida ko‘p kvartirali uylarga tutash yerlarda 1 952 ta noqonuniy qurilish holati aniqlangan. Ulardan 738 tasi joyida bartaraf etilgan bo‘lsa, qolgan 1 214 ta holat yuzasidan sudlarga davo arizalari kiritilgan.
Joriy yilning 9 oyi davomida vazirlikka jismoniy va yuridik shaxslardan 1 807 ta murojaat kelib tushgan. Ularning aksariyati ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish organlaridan bo‘lib, taklif va muammolar muntazam tahlil qilinmoqda va amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Deputatlar ushbu yo‘nalishda vazirlik tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilgani, shu bilan birga sohadagi qonun buzilishlarini oldini olish, ko‘p kvartirali uylarning tutash yer uchastkalarini ko‘p kvartirali uy-joy mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida berish to‘g‘risida qarorlar qabul qilinishini jadallashtirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi.
Shuningdek, uylarning tutash yer maydonlarini obodonlashtirish ishlaridan so‘ng daraxtlar, gul ko‘chatlari va boshqa yashil o‘simliklarni qarovsiz qoldirmasdan doimiy parvarishlab borish lozimligi ta’kidlandi.
Majlisda mazkur masala yuzasidan doimiy parlament nazorati olib borilishi qayd etilib, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining javobi ma’lumot uchun qabul qilindi.