Oliy Majlis Senati sogʻliqni saqlash sohasida UNAIDS bilan hamkorlikni muhokama qildi
Oliy Majlis Senati sogʻliqni saqlash sohasida UNAIDS bilan hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 17-mart kuni Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi aʼzosi Gulnora Marufova BMTning OIV/OITS bo‘yicha Birlashgan dasturi (UNAIDS)ning mintaqaviy direktori Imonn Merfi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida UNAIDSning jahon miqyosida OIV infeksiyasi yangi holatlarining oldini olish, OIVga chalingan shaxslar uchun davolash, parvarishlash va qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini kengaytirish, shuningdek, epidemiyaning ijtimoiy taʼsirini kamaytirishga qaratilgan faoliyati alohida taʼkidlandi.
Shuningdek, UNAIDSning O‘zbekistondagi faoliyati doirasida milliy sog‘liqni saqlash tizimi salohiyatini mustahkamlash, OITSga qarshi kurashish dasturlarini monitoring qilish va baholashni takomillashtirish, hamda texnik va moliyaviy resurslarni jalb etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar qayd etildi.
Imonn Merfi O‘zbekistonda inson huquqlarini taʼminlash, inklyuziv qonunchilikni rivojlantirish, milliy qonunchilikni xalqaro majburiyatlar bilan uyg‘unlashtirish, shuningdek, ijtimoiy himoya, jamoat salomatligi va gender tenglikni taʼminlash sohalarida erishilayotgan yutuqlarni yuqori baholadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanligini bildirdi.