Oliy Majlis Senati Kengashi o‘n to‘rtinchi yalpi majlisni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi
Oliy Majlis Senati Kengashi o‘n to‘rtinchi yalpi majlisni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisini 7-aprel kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Kengash majlisida yalpi majlis kun tartibi atroflicha muhokama qilinib, unga mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sud-huquq tizimini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklarini taʼminlash hamda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan qator muhim masalalar kiritildi.
Jumladan, yalpi majlisda “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”, “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”, “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida” hamda “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarni ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.
Shuningdek, davlat organlari va mansabdor shaxslarning qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi natijasida yetkazilgan zararni qoplash mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan hamda qo‘riqlash faoliyatini takomillashtirish, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishga oid qonunlar muhokama qilinadi.
Yalpi majlis kun tartibidan fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini kuchaytirish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonunlar ham o‘rin olgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Hukumati o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Yalpi majlis doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2025 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi maʼruzasi eshitilishi, shuningdek, Ombudsmanni saylash hamda O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi Favqulodda va Muxtor Elchisini tayinlash masalalari ham muhokama etilishi nazarda tutilgan.