Valyuta kurslari 18/12/2025
$1 – 12059.78
UZS – -0,38%
€1 – 14129.24
UZS – -0,73%
₽1 – 150.07
UZS – -1,63%
Qidirish
Oliy Majlis Senati Kengashi navbatdagi yalpi majlisni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi

Oliy Majlis Senati Kengashi navbatdagi yalpi majlisni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi

Oliy Majlis Senati Kengashi navbatdagi yalpi majlisni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senatning o‘n ikkinchi yalpi majlisini 2025-yil 18-dekabr kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Yalpi majlis kun tartibiga jamiyat hayoti, iqtisodiy islohotlar, ijtimoiy soha, qonunchilikni takomillashtirish hamda parlament nazoratiga oid 24 ta masala kiritildi.

Xususan, majlisda “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi hamda 2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunlar, shuningdek, soliq va budjet siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq qonunlar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, budjet jarayonini takomillashtirish, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali bandlikni oshirish, qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga doir o‘zgartirishlar kiritishga oid qonunlarni yalpi majlisda muhokama qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, senatorlar “Huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi qonunni ham ko‘rib chiqadi.

Yalpi majlisda hakamlik sudlari faoliyatini takomillashtirish, atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini rivojlantirish, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, atrof-muxit, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilishga oid qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar ham muhokama markazida bo‘ladi.

Shu bilan birga, parlament yuqori palatasi aʼzolari “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati Kotibiyati to‘g‘risidagi nizomni ratifikatsiya qilish masalasini ham ko‘rib chiqadi.

Yalpi majlis mobaynida senatorlar Vazirlar Mahkamasiga boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati yuzasidan parlament so‘rovi yuborish masalasini hamda davlat organlariga yuborilgan qator parlament so‘rovlari natijalarini muhokama qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling