Oliy Majlis Senati Kengashi 13-yalpi majlisni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi
Oliy Majlis Senati Kengashi 13-yalpi majlisni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senatning o‘n uchinchi yalpi majlisini 2026-yil 5-fevral kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Kengash majlisida navbatdagi yalpi majlis kun tartibi atroflicha muhokama qilinib, uning doirasida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, amaldagi qonunchilikni takomillashtirish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga doir qator masalalarni ko‘rib chiqish nazarda tutilgan.
Jumladan, yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar belgilab olinadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2025-yildagi faoliyati sarhisob qilinadi.
Shuningdek, senatorlar oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, sportni ommalashtirish, shaxsga doir maʼlumotlarni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonunlarni ko‘rib chiqadi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy etishga oid qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiriti, ekologik toza hududlarning huquqiy maqomini belgilash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish masalalari kun tartibidan o‘rin olgan.
Shuningdek, yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi bilan Vengriya o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish, 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar, ijtimoiy sohaga ixtisoslashgan davlat va xususiy oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining bandligini taʼminlash chora-tadbirlari ijrosining muhokama etilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasiga hududlarda infratuzilmani rivojlantirish, qurilish ishlarini tartibga solish, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash, aliment undirish va to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha yuborilgan parlament so‘rovlari natijalari ko‘rib chiqiladi.
Yalpi majlis doirasida senatorlar Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud tarkiblariga o‘zgartirishlar kiritish masalalarini ham muhokama qiladi.
Bo'lishmoq: