Oliy Majlis delegatsiyasi YEXHT Parlament Assambleyasining qishki sessiyasida ishtirok etdi
Oliy Majlis delegatsiyasi YEXHT Parlament Assambleyasining qishki sessiyasida ishtirok etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis delegatsiyasi Vena shahrida bo‘lib o‘tgan YEXHT Parlament assambleyasining qishki sessiyasida ishtirok etdi.
Sessiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari tomonidan mamlakatimizda fan va taʼlimni rivojlantirish, innovatsiyalarni keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlariga zamonaviy ilmiy-texnologik yutuqlarni tatbiq qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish hamda atrof muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil maʼlumot berildi.
Senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlari “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyot strategiyasi doirasida olib borilayotgan islohotlar, yashil iqtisodiyotga o‘tish jarayonlari, ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda fuqarolarning ijtimoiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan amaliy choralar yuzasidan axborot berdi.
Tashrif doirasida bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Jumladan, Avstriya parlamenti rahbariyati, AQSH Kongressi Senati vakillari, Shvetsiya parlamenti aʼzolari, YEXHT PA hamda Turkiy davlatlar tashkiloti Parlament Assambleyasi bosh kotiblari va boshqa rasmiy vakillar bilan samarali muloqotlar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlar davomida parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli tashabbuslarni kengaytirish, shuningdek, mavjud aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashildi.