Oksford oʻzbek va eski oʻzbek tillarini oʻrgatishni boshlaydi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Endi Oksford universitetining Osiyo va Yaqin Sharq tadqiqotlari fakultetida o‘zbek va eski o‘zbek tillari o‘qitiladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
U universitetning mukofotiga sazovor bo‘lganini, bu mukofotni O‘zbekiston Prezidenti rahnamoligida mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish va imkoniyatlarini kengaytirish borasida erishilayotgan yutuqlarning e’tirofi sifatida baholashini ta’kidladi.
Saida Mirziyoyeva tashrifi chog‘ida Mirzo Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy”, Alisher Navoiyning “Xamsa”, Husayn Boyqaroning “Devoni Husayniy” kabi nodir qadimiy kitoblar, shuningdek, Boburiylar davriga oid miniatyuralar va boshqa noyob tarixiy materiallar saqlanadigan Bodlian kutubxonasiga tashrif buyurishdan mamnun bo‘ldi.