Valyuta kurslari 31/10/2025
$1 – 12025.22
UZS – 0,29%
€1 – 13969.70
UZS – 0,07%
₽1 – 149.36
UZS – -0,9%
Qidirish
Oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga parlament so‘rovi yuboriladi

Oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga parlament so‘rovi yuboriladi

Oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga parlament so‘rovi yuboriladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga parlament so‘rovini yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, oila munosabatlarini tartibga soluvchi 20 ta qonun, Prezidentning 32 ta farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 45 ta qarori qabul qilingan. Yangilangan Konstitutsiyada davlatning oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlab qo‘yilgan.

Shuningdek, nizoli oilalar bilan individual ishlash daftari, “Oqila ayollar” harakati va mahalla instituti hamkorligida oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha maqsadli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Sud organlari tizimida ham innovatsion yondashuv joriy qilinib, “Oila sudyalari” instituti tajriba sifatida amalga kiritilgan.

Shu bilan birga, tahlillar sohada ayrim muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, 2024-yilda 271 776 ta nikoh tuzilgan bo‘lsa, shu davrda nikohdan ajralishlar soni 45 135 tani tashkil etgan. O‘tgan yilda nikohdan ajralishlarning 28,5 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga to‘g‘ri kelgan.  

Nikohdan ajralishlarning eng ko‘pi Toshkent shahri (5 913 ta), Farg‘ona (4 800 ta), Andijon (4 781 ta) va Samarqand viloyatlarida (4 599 ta) kuzatilgan.

Joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida 95 275 ta nikoh tuzilgan bo‘lib, nikohdan ajralishlar soni 23 338 tani (24 foizni) tashkil etgan holda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga (871 taga) ortgan. Respublikaning 112 ta tuman va shahrida nikohdan ajralishlar soni o‘sgan.

Nikohdan ajralishlarning sabablarini tahlil qilish oldini olish mumkin bo‘lgan holatlar ham borligini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2024-yilda nikohdan ajratishga doir 32 217 ta ariza qanoatlantirilgan, shundan 17 535 ta holatda (54 foiz) xarakter to‘g‘ri kelmasligi, 1 807 ta holatda (6 foiz) boshqa nikoh munosabatiga kirishganligi, 1 222 ta holatda (4 foiz) oilaga tayyor emasligi, 1 033 ta holatda (3 foiz) o‘zaro ishonchsizlik sabab qilib ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, 2024-yilda FHDYO organlarida 7 499 ta oila o‘zaro oilaviy kelishmovchilik sababli ajratilgan.

Nikoh yoshini qisqartirish amaliyoti ham qator savollarni keltirib chiqarmoqda. O‘tgan besh yilda hokimlar qarorlari asosida 391 ta holatda nikoh yoshi qisqartirilgan.

Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh munosabatlariga kirishish, voyaga yetmagan farzandni turmushga berish yoki uylantirish, shuningdek, diniy marosimlarni amalga oshirish holatlari ko‘payayotgani qayd etildi.

Muhokama yakunida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga tegishli parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling